Tojikiston Tog‘li Badaxshondagi namoyishlar bostirilishini tanqid qilgan sobiq OMON xodimini vataniga qaytarishga urinmoqda

Asomuddin Rajabov. azattyqasia.org sayti fotosurati

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Maxsus vazifalar bo‘yicha militsiya otryadi (OMON)ning xorijda yashayotgan sobiq xodimi Asomuddin Rajabov respublika hukumati uni vataniga qaytarishga urinayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bunga sobiq kuch ishlatar xodimining oila a’zolariga bosim o‘tkazish orqali ham urinmoqda, deb xabar beradi «Ozodi» (Ozodlik radiosining tojik xizmati).

Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, tergovchilar uning akasi va 80 yoshli ko‘zi ojiz otasini suhbatga chaqirgan. Hokimiyat vakillari qarindoshlarini sobiq OMON xodimiga ta’sir o‘tkazib, uni Tojikistonga qaytishga ko‘ndirishga uringan. Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi xodimlari sobiq hamkasblari amnistiyaga tushgani va unga nisbatan jinoiy ta’qib to‘xtatilganini bildirgan. Biroq, buni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan.

Rajabov yaqinlaridan uning aloqalarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga berishni so‘ragan, toki ular bilan bevosita muloqot qila olsin. U tergovchilarga Tojikistonga qaytishni rejalashtirmayotganini tushuntirmoqchi.

Tojikistonda Ichki ishlar vazirligining sobiq xodimi ekstremizmda ayblangan. Jinoiy ish Rajabov muxolifat vakillari bilan onlayn yozishmalarda 2022 yilda Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida (TBAV) namoyishlarni bostirish chog‘ida militsiya harakatlarini tanqid qilganidan so‘ng ochilgan.

Ayblanuvchining aytishicha, u qonli voqealarning guvohi bo‘lgan. Hududdagi qo‘zg‘olon bostirilganidan ko‘p o‘tmay, Rajabov ishdan bo‘shagan va Rossiyaga ko‘chib ketgan. Biroz vaqt o‘tgach, Turkiyaga, keyin esa Gruziyaga ko‘chib o‘tgan.

Joriy yilning mart oyida Rajabov Tojikiston hokimiyatining so‘roviga ko‘ra Armaniston chegarasida ushlangani xabar qilingan edi. Biroq ertasi kuni u ozod qilingan. U Yerevanga kelgan va hozirda shu yerda yashamoqda. Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, u uchinchi davlatga chiqib ketish uchun zarur hujjatlarni ham allaqachon olgan.

Tog‘li Badaxshon aholisi va Tojikiston hokimiyati o‘rtasidagi qarama-qarshilik 2022 yil bahorida Xorug‘ shahrida o‘tkazilgan mitingdan so‘ng keskinlashdi. Unda faollar muxtor viloyat rahbari Alisher Mirzonabot va Xorug‘ meri Rizo Nazarzodani lavozimidan chetlatish, 2021 yil noyabrida uch nafar mahalliy aholining o‘limida aybdor bo‘lgan militsiya xodimlarini jazolash, shuningdek, mintaqa aholisini qo‘rqitish va ta’qib qilishni to‘xtatishni talab qilishgan.

Bunga javoban Ichki ishlar vazirligi va boshqa tuzilmalar terrorizmga qarshi operatsiya boshlagan. Xalqaro huquqni himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, natijada 40 nafardan ortiq mahalliy aholi halok bo‘lgan. Namoyishlar bostirilganidan so‘ng muxolifatning ehtimoliy yetakchilari ommaviy ravishda hibsga olingan. Keyinchalik ularning ko‘pchiligi uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilindi.