Jahon banki direktorlar kengashi 2026 yil 2 iyun kuni Tojikiston bilan 2032 yilgacha mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturini ma’qulladi. Ushbu hajmdor hujjatda bir qarashda bir-biriga zid bo‘lib ko‘rinadigan ikki holat mujassam. Bir tomondan, bank yana o‘zining energetika sohasidagi kun tartibining markaziga Rog‘un GES loyihasini qo‘ydi. Dushanbe bu loyihani mamlakatning kelajakdagi farovonligi ramzi sifatida taqdim etib keladi. Boshqa tomondan, shu hujjatning o‘zida mamlakat iqtisodiyoti mehnat muhojirlari yuboradigan pul o‘tkazmalariga tayanishi va tashqi iqtisodiy zarbalarga nisbatan hali ham zaif ekani ochiq qayd etilgan. Inson kapitaliga ustuvor ahamiyat berish haqidagi bayonotlar bilan qiymati taxminan 6,29 milliard dollarga teng ulkan beton inshoot qurilishiga amaliy ustuvorlik berilishi o‘rtasidagi ushbu qarama-qarshilik sobiq sovet ittifoqi hududidagi eng kambag‘al respublikalardan biri bo‘lgan Tojikistonda kechayotgan jarayonlarni anglashning muhim kaliti hisoblanadi.
Rog‘unni oddiy infratuzilma loyihasidan ko‘ra kengroq ma’noda tushunish uchun unga GES sifatida emas, balki siyosiy institut sifatida qarash foydalidir. Balandligi 335 metr bo‘lib, dunyodagi eng baland to‘g‘on unvoniga da’vogar hisoblangan Rog‘un GESi allaqachon shunchaki energiya manbai bo‘lishdan chiqib ketgan. Tojikistonni o‘ttiz yildan ortiq vaqtdan beri boshqarib kelayotgan Emomali Rahmon ushbu inshootni «asr qurilishi»ga va o‘z siyosiy tuzumining moddiy timsoliga aylantirdi. Qurilish maydonidagi portretlar va Tojikiston o‘z gidroenergetik salohiyatining atigi 5 foizidan foydalanayotgani haqidagi bayonotlar shu siyosatning bir qismi hisoblanadi.
Shaxsga bog‘liq avtokratik tizimlar mantig‘iga ko‘ra, bunday yirik loyihalar ikki vazifani bajaradi: bir tomondan, modernizatsiya obrazi orqali hokimiyatning qonuniyligini mustahkamlaydi, ikkinchi tomondan esa resurslarni qayta taqsimlash mexanizmiga aylanadi. Muammo shundaki, davlatda bu ulkan maqsadni mustaqil ravishda moliyalashtirish uchun yetarli mablag‘ mavjud emas.
Rog‘unni moliyalashtirish tarixi — avvalgi manbalar tugab borishi bilan xarajatlarni qoplovchilar doirasi izchil kengayib borganining yaqqol namunasidir. Dastlab, 2010 yilda moliyaviy yuk mamlakat fuqarolari zimmasiga yuklatildi: odamlar amalda stansiya aksiyalarini sotib olishga majbur qilindi, ko‘p hollarda esa ularning qiymati budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqidan ushlab qolindi. Bu usul, ayniqsa, mintaqada aholi daromadlari eng past darajalardan biri bo‘lgan mamlakat sharoitida juda diqqatga sazovor holat sifatida baholanadi.
Shundan keyin navbat tashqi kreditorlarga yetdi. Bugun ular Rog‘un loyihasi moliyalashtirilishining yarmidan ko‘pini ta’minlab kelmoqda va institutsional donorlarga xos bo‘lgan odatiy talablar — audit, hisobdorlik va monitoring bilan birga keladi. Aynan shu nuqtada Tojikiston modeli standart investitsiya mantig‘idan chekina boshlaydi — va bu chekinish texnik emas, balki siyosiy-iqtisodiy xususiyatga ega.
Burilish nuqtasi 2026 yil 22 yanvarda parlament tomonidan, Emomali Rahmon tashabbusi bilan qabul qilingan qaror bo‘ldi: davlatga Tojikiston Milliy bankining zaxira fondini Rog‘un loyihasiga yo‘naltirishga ruxsat berildi — 916 million somoni, taxminan 100 million AQSH dollari.
Iqtisodiy nuqtayi nazardan bu o‘ta yuqori xavfli qadamdir. Markaziy bankning zaxira fondi aynan valyuta va budjetdagi shoklarni yumshatish uchun mavjud. Tashqi iqtisodiy kon’yunkturaga kuchli bog‘liq bo‘lgan mamlakat uchun bunday “yostiqcha” oxirgi himoya chizig‘i hisoblanadi.
Bu mablag‘larni betonga yo‘naltirish orqali hukumat makroiqtisodiy barqarorlik vositasini amalda ramziy inshoot qurilishi quroliga aylantirdi. Shaffoflik esa ortib ketmadi: Baker Tilly tomonidan Rog‘unning 2024 yilgi hisobotlari bo‘yicha audit xulosasi izohli shaklda chiqdi — auditorlar hisob-kitoblarning ishonchliligini to‘liq tasdiqlay olmagan va inventarizatsiyaga kirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan.
Parallel ravishda qarz yuki ham ortib bormoqda va bu borada Dushanbe manyovr imkoniyati juda cheklangan. 2017 yilda chiqarilgan 500 million dollarlik ilk yevroobligatsiyalar, yillik 7,125 foiz stavka bilan, 2027 yil sentyabrida qaytarilishi kerak. Ularni qayta moliyalashtirish esa noqulay iqtisodiy sharoitlarda amalga oshiriladi. 2026 yil davlat budjeti loyihasida tashqi qarzning asosiy qismini qoplash uchun 548 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilgan — bu mamlakat tarixidagi eng og‘ir moliyaviy to‘lovlardan biri hisoblanadi. Ba’zi baholashlarga ko‘ra, davlat qarzini xizmat ko‘rsatish xarajatlari budjet daromadlarining sezilarli qismini tashkil etadi. Jahon banki esa endi Rog‘un uchun ajratiladigan keyingi mablag‘larni davlat qarzining barqarorligi bo‘yicha aniq reja bilan bog‘lamoqda. Bu raqamlar ortida juda aniq tanlov turibdi: to‘g‘on qarziga yo‘naltirilgan har bir somoni maktab yoki ambulatoriyaga sarflanishi mumkin bo‘lgan mablag‘ hisoblanadi.
Nima uchun bunday xavfli qarorlar jiddiy qarshilikka uchramasdan qabul qilinishini tushunish uchun hokimiyat tuzilmasiga nazar tashlash kerak. Tojikiston moliyaviy tizimi uzoq yillar davomida hukmron oila doirasiga chambarchas bog‘lanib ketgan va amalda ushbu doiradan tashqaridagi subyektlar oldida hisobdor emas.
Jamoliddin Nuraliyev — prezidentning kuyovi — 2015–2022 yillarda Tojikiston Milliy bankiga rahbarlik qilgan. Ozoda Rahmon — prezidentning katta qizi — prezident administratsiyasini boshqaradi. Yana bir qizi Zarina Rahmon esa mamlakatning eng yirik tijorat banklaridan biri bo‘lgan Oriyonbank rahbariyati tarkibida. Turli surishtiruvlarda mamlakatning asosiy iqtisodiy aktivlari hukmron oila bilan bog‘liq ekani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bank tizimi ustidan ta’sirga ega bo‘lgan siyosiy klanning ushbu resurslarni Rog‘un loyihasiga yo‘naltirishi ayrim tahlilchilar tomonidan tasodif emas, balki tizim mantig‘ining tabiiy natijasi sifatida baholanadi. Bu yondashuvga ko‘ra, shaffoflikning yo‘qligi tasodifiy muammo emas, balki mavjud boshqaruv modelining ishlash usuli hisoblanadi.
Bu tizimning tashqi konturi kreditorni uning talabchanlik darajasiga qarab tanlash tamoyiliga qurilgan. G‘arb institutlari ko‘plab savollar beradi: ularning auditlari, qo‘shni davlatlar tomonidan bildiriladigan shikoyatlar yuzasidan tekshiruvlar va qarz barqarorligi rejasi bo‘yicha talablar rejim uchun muayyan cheklovlar yaratadi. Xitoy esa bunday savollarni kamroq qo‘yadi. Pekin Tojikistonning eng yirik kreditoriga aylangan — qaytarilmagan qarzlar hajmi 700 million dollardan ortiq, bu tashqi qarzning taxminan choragini tashkil etadi. 2025 yil oxiriga kelib mamlakatning umumiy tashqi qarzi taxminan 3 milliard dollar atrofida bo‘lgan. Shu bilan birga, Xitoy 2025 yil o‘rtalariga kelib 5,1 milliard dollarlik sarmoyalari bilan eng yirik investor ham hisoblanadi.
Bu nomutanosiblik ramziy ma’noga ham ega. “Ozodi”ga ko‘ra, 2026 yil boshida Emomali Rahmonga tibbiy davolanish kerak bo‘lganda, u Xitoyni tanlagan — ayrim manbalar buni Markaziy Osiyodagi qariya davlat rahbarlaridan biri uchun Xitoyda davolanishning ilk qayd etilgan holatlaridan biri sifatida tilga oladi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday bog‘liqlik chuqurlashgani sayin tashqi siyosiy bosim o‘tkazish uchun mavjud imkoniyatlar ham qisqaradi.
Biroq butun konstruksiya oxir-oqibat bitta asosiy farazga tayanadi — Rog‘un loyihasi kelajakda yetarlicha iqtisodiy samara keltiradi va uning yukini qoplash mumkin bo‘ladi.
Oxir-oqibat Rog‘unni bir oila nomiga bog‘langan to‘g‘on sifatida o‘qish mumkin: u meros qoldirish maqsadida qurilmoqda, umumiy zaxiralar va xorijiy kreditlar hisobidan moliyalashtirilmoqda, qarorlar esa tor doiradagi klan ichida qabul qilinadi. Ushbu loyiha xarajati ikki tomonga taqsimlanadi. Mamlakat ichida uni oddiy tojik fuqarolari to‘laydi — ularning zaxiralari ta’lim, sog‘liqni saqlash va fanga investitsiya o‘rniga sarflandi. Mamlakat tashqarisida esa dasturxon atrofiga chaqirilmaganlar — O‘zbekiston va Turkmanistonning Amudaryo quyi oqimidagi fermerlari — qurbon bo‘ladi, chunki suv kam yillarda ularga yanada kamroq suv yetib boradi, ayniqsa hukumatlar suv ombori sathini yana ko‘tarishga tayyorlanayotgan bir paytda.
Natijada butun tizimning siyosiy-iqtisodiy mantig‘ini jamlagan paradoks yuzaga keladi: dunyodagi eng baland to‘g‘onni chet elda davolanadigan rahbar, mamlakatda yo‘q pullar hisobidan, uni qarzi bilan birga qabul qilib oladigan merosxo‘ri uchun qurmoqda.
-
26 may26.05«Suv diplomatiyasi»ning badaliBMT Emomali Rahmonga faxriy yorliq topshirayotgan bir paytda, Amudaryo sayozlashda davom etmoqda... -
21 yanvar21.01Bulbul gul ishqida yongani kabiMarkaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi? -
22 dekabr22.12FotoTokio drayviYaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi -
18 dekabr18.12Oltovlon uchun sakeMarkaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor -
28 noyabr28.11S5 uchun Ozarbayjon ilovasiIlhоm Aliyev Markaziy Osiyo uchun begona emas -
17 noyabr17.11«Buyuk davlatlarga Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy muammolari qiziqmas»Qozog‘istonlik tarixchi Burkitbay Ayagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va mintaqadagi dolzarb muammolar haqida



