«O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat kompaniyasi Serbiyada temir yo‘llar qurilishiga oid loyihalarda ishtirok etadi. Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasidagi mazkur kelishuv haqida Markaziy Osiyo respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ma’lum qildi, deb xabar beradi Spot.uz.
Vazirning ta’kidlashicha, ayni paytda ikki davlat transport vazirliklari ikkita loyiha va yo‘nalish bo‘yicha batafsil muzokaralar olib bormoqda. Avvalroq OAVda O‘zbekiston mutaxassislari Serbiya temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilishda ishtirok etishi mumkinligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Xususan, uzunligi 200 kilometr bo‘lgan temir yo‘l uchastkasini qurish masalasi muhokama qilingan.
Qudratov mazkur tashabbusni amalga oshirish O‘zbekistonlik quruvchilar uchun Yevropa bozoriga chiqish, kelajakda qit’aning boshqa mamlakatlarida ham shunga o‘xshash loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratish borasida katta imkoniyat ekanini ta’kidladi.
Avvalroq Markaziy Osiyo respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belgradga tashrifi doirasida transport-logistika sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolangani xabar qilingan edi. Jumladan, tegishli vazirliklar vakillari yo‘lovchilar va yuklarni xalqaro avtomobil tashish, O‘rta yo‘lakni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar, shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida protokol imzolagan.
ℹ️ 7–8 sentyabr kunlari O‘zbekiston prezidentining Serbiyaga tarixdagi ilk tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev va Yevropa davlati rahbari Aleksandr Vuchich Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Bundan tashqari, sanoat va raqamli iqtisodiyotdan tortib mehnat migratsiyasi va logistikagacha bo‘lgan turli sohalarni qamrab olgan qator ikki tomonlama hujjatlar tasdiqlandi.



