Qozog‘istonlik Yelena Ribakina ilk bor dunyodagi birinchi raketka maqomiga ega bo‘ladi

Yelena Ribakina. championat.com sayti fotosurati

Qozog‘istonlik tennischi Yelena Ribakina faoliyatida ilk bor WTA jahon reytingida birinchi o‘rinni egallashini kafolatladi. U rasman US Open (AQSH Ochiq chempionati) yakunlanganidan so‘ng, 14 sentyabr kuni reytingda birinchi o‘ringa ko‘tariladi.

Ribakina US Openning yarim finaliga chiqishi orqali birinchi o‘rinni o‘ziniki qildi. 1/4 finalda 27 yoshli sportchi xitoylik Chjen Sinvenni 3:6, 6:1, 6:4 hisobida mag‘lub etdi. Hal qiluvchi setda Qozog‘iston vakili 3:4 hisobida ortda borayotgan edi, ammo ketma-ket uchta geymda g‘alaba qozondi. Finalga chiqish uchun Ribakina amerikalik Koko Gauff bilan bahs olib boradi.

Turnirdagi keyingi natijalaridan qat’i nazar, Ribakina WTA reytingidagi navbatdagi ro‘yxatda Arina Sobolenkodan o‘zib ketadi. U reytingning birinchi pog‘onasiga ko‘tarilgan tarixdagi 30-tennischi, shuningdek, Qozog‘iston tarixida ayollar va erkaklar o‘rtasida jahon tennisi reytingini boshqargan birinchi vakil bo‘ladi.

Tarixiy yutug‘i munosabati bilan Ribakninani Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tabrikladi.

«WTA reytingida birinchi o‘ringa chiqish — fenomenal iste’dod, ulkan mehnat va o‘zingizga bo‘lgan mustahkam ishonch tufayli zabt etilgan sport cho‘qqisidir», — deyiladi davlat rahbari tabrigida.

To‘qayev Ribakina Qozog‘iston sportini dunyoga tanitgani va jahon tennisi tarixidan o‘z nomini munosib joy olganini ta’kidladi. Prezident, shuningdek, uning sportdagi yo‘lini yosh sportchilar uchun namuna deb atadi hamda tennischining kortda ham, uning tashqarisida ham o‘zini tutish madaniyatini alohida qayd etdi. U Ribakinaga chempionlik ruhini saqlab qolish va yangi muvaffaqiyatlarga erishishni tiladi.

Qayd etish lozim, avgust oyida Ribakina jahon reytingida birinchi o‘rinni egallashga allaqachon yaqin kelgan edi. Sinsinnatidagi WTA 1000 turnirida Arina Sobolenko mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, Ribakinaga reytingda birinchi o‘ringa chiqish uchun finalga yetib borishning o‘zi kifoya edi. Biroq, Iga Shvyontekka qarshi chorak final bahsida qozog‘istonlik tennischi chap to‘pig‘idan olgan jarohati sabab birinchi setda 1:4 hisobida o‘yinni davom ettirishdan bosh tortdi va bu imkoniyatni boy berdi.

Yelena Ribakina Rossiya terma jamoasi tarkibida 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Yevropa jamoaviy chempionatida g‘olib bo‘lgan, shuningdek, WTA turida yakkalik bahslarida bitta turnirda chempionlikni qo‘lga kiritgan. 2018 yil iyun oyida sportchi Qozog‘iston nomidan ishtirok etishga qaror qildi. 2021 yilda Fransiya Ochiq chempionatida chorak finalgacha yetib borgan. 2022 yilda Uimbldon turnirida g‘olib bo‘lgan. 2023 yilda Qozog‘istonning jahonning eng kuchli uch tennischisi qatoriga kirgan birinchi vakiliga aylandi. 2026 yil yanvar oyida esa Australian Open chempionligi unvonini qo‘lga kiritdi. Joriy US Open turnirida yarim finalga chiqishi tennischining Nyu-Yorkdagi musobaqadagi eng yaxshi natijasi bo‘ldi.