Qirg‘iziston prezidenti Adliya va Mehnat vazirliklari rahbarlarini tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi

Almaz Ayilchiyev va Almaz Imangaziyev. Qirg‘iziston parlamenti matbuot xizmati fotomsurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ikki davlat idorasiga yangi rahbarlarni tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Almaz Ayilchiyev Adliya vaziri, Almaz Imangaziyev esa Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vaziri lavozimlariga tasdiqlandi.

Bunga qadar nomzodlar Qirg‘iziston parlamenti — Jogorku Kenesh deputatlari tomonidan mas’ul lavozimlarga ma’qullangan edi. Tegishli jarayon 9 sentyabr kuni Jogorku Keneshning navbatdagi majlisida bo‘lib o‘tdi. Vazirlik lavozimlariga nomzodlar haqida ma’lumotni prezident va hukumatning parlamentdagi vakili Bektur Zulpiyev taqdim etdi.

Jogorku Kenesh matbuot xizmati xabar berishicha, deputatlar Malik Bekturganovni mamlakat Bosh prokurori lavozimiga tayinlashga ham rozilik berdi. Endi ushbu amaldor nazorat organi rahbari vazifasini bajaruvchi maqomisiz faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, parlament majlisida hukumatning bir qator a’zolari qasamyod qabul qildi. Ular orasida yuqorida qayd etilgan Vazirlar Mahkamasi vakillaridan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosari Ulan Mamatkanov, Moliya vaziri Ruslan So‘ynaliyev, Energetika vaziri Oltinbek Risbekov hamda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Maksat Asanaliyev ham bor.

Shundan so‘ng Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov deputatlar oldida nutq so‘zladi. U mamlakat taraqqiyoti, iqtisodiy o‘sish va jamiyatdagi barqarorlik qonun chiqaruvchi hokimiyatning samarali faoliyatiga bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi.

«Davlat faqat prezident, Jogorku Kenesh va Vazirlar Mahkamasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro anglashuv va konstruktiv hamkorlik asosida ishlagan taqdirdagina ishonch bilan olg‘a harakat qila oladi», — deya Japarov o‘z fikrini yakunladi.

ℹ️ Almaz Ayilchiyev Adliya vaziri lavozimiga tayinlanguniga qadar mamlakat rahbari Administratsiyasida prezident va Vazirlar Mahkamasining huquqiy ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari — huquqiy ta’minot bo‘limi mudiri lavozimida ishlagan. U yangi lavozimda BMT huzurida Qirg‘izistonning doimiy vakili lavozimiga tasdiqlangan Ayaz Bayetovning o‘rnini egalladi.

ℹ️ Almaz Imangaziyev avval respublika Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Mehnat vaziri lavozimida u Kanat Saginbayevning o‘rnini egalladi.