Serbiya O‘zbekiston bilan uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketalar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishga tayyor

Aleksandr Vuchich. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Serbiya O‘zbekistonga mudofaa sanoati sohasida hamkorlik qilishni taklif qildi. Xususan, uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketalar ishlab chiqarish bo‘yicha. Bu haqda Yevropa mamlakati prezidenti Aleksandr Vuchich ma’lum qildi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

8 sentyabr kuni Belgradda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Serbiya biznes-forumida so‘zga chiqqan siyosatchi Serbiya «davlatlardan biridan» texnologiyalar transferi orqali allaqachon qisqa masofaga uchuvchi raketalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bir yil ichida uzoq masofaga uchuvchi raketalar ishlab chiqarishga o‘tishi mumkin va O‘zbekistonga mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni taklif qilishga tayyor.

«Biz Serbiya aholisiga bu haqda kamdan-kam gapiramiz, ammo texnologik va sanoat nuqtayi nazaridan jiddiy taraqqiyotga erishdik. Kelgusida ushbu yo‘nalishni rivojlantirish niyatidamiz va bu sohada O‘zbekistonlik do‘stlarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz», — deya Vuchich o‘z fikrini yakunladi.

Serbiya mudofaa sanoati G‘arbiy Bolqon mintaqasidagi eng yirik sanoat hisoblanadi. Mamlakatda bronetexnika, o‘q-dori, raketalar va uchuvchisiz apparatlar ishlab chiqaradigan qariyb 200 ta korxona faoliyat yuritadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil ichida Serbiya reaktiv zalpli o‘t ochish tizimlari uchun qariyb 18 mingta raketa, shuningdek, katta miqdordagi otuvchi va tankka qarshi qurol-yarog‘ eksport qilgan. Mahsulotlarning asosiy xaridorlari Bolgariya, AQSH, BAA, Saudiya Arabistoni va Iroq bo‘lgan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgraddagi biznes-forumda so‘zga chiqib, Serbiya biznesi bilan hamkorlikning beshta ustuvor yo‘nalishini sanab o‘tdi. Ular qatoriga quyidagi sohalar kiradi:

✅ mashinasozlik va elektrotexnika;

✅ farmatsevtika;

✅ to‘qimachilik sanoati;

✅ qishloq xo‘jaligi;

✅ IT va raqamli iqtisodiyot.

Markaziy Osiyo respublikasi rahbari Serbiyaning qator kompaniyalarini o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda ishlashga taklif qildi. Xususan, gap mashinasozlik kompaniyasi Gosa FOM, dori vositalari ishlab chiqaruvchilari — Galenika va Abela Pharm, yengil sanoat vakillari — Yumco hamda Luss Textile haqida bormoqda.

Mirziyoyev O‘zbekistonda qo‘shma agroklasterlar tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi, shuningdek, serbiyalik kompaniyalarni sentyabr oyi oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi (ICT Week Uzbekistan)da ishtirok etishga taklif qildi. Tadbir doirasida alohida ikki tomonlama biznes-forum o‘tkazish rejalashtirilgan.

Markaziy Osiyo respublikasi rahbari to‘laqonli elchixona ochilishini kutmasdan, Belgradda O‘zbekistonning alohida diplomatik vakolatxonasini ochishga qaror qilinganini ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, kelasi haftayoq bu yerga diplomatlar yetib keladi va mahalliy tadbirkorlarga o‘zbekistonlik biznes vakillari bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda ko‘maklasha boshlaydi. U, shuningdek, mas’ul shaxslarga Toshkent va Belgrad o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish jarayonini tezlashtirishni topshirganini aytdi.

Avvalroq tomonlar erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqayotgani xabar qilingan edi. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning aniqlik kiritishicha, hujjat barcha tovarlar uchun paritet asosida nol stavka belgilashni nazarda tutadi. Bu import-eksport operatsiyalari hajmini oshirish uchun jozibali sharoit yaratadi.

ℹ️ 7–8 sentyabr kunlari O‘zbekiston prezidentining Serbiyaga tarixdagi ilk tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrif doirasida Mirziyoyev va Vuchich Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Bundan tashqari, sanoat va raqamli iqtisodiyotdan tortib mehnat migratsiyasi va logistikagacha bo‘lgan turli sohalarni qamrab olgan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.