Farg‘ona hokimligi va Afg‘onistonning xususiy aviakompaniyasi qo‘shma aviakompaniya tashkil etishni rejalashtirmoqda

khaama.com sayti fotosurati

Farg‘ona viloyati hokimligi va Afg‘onistonning xususiy aviakompaniyasi «Kam Air» rahbariyati qo‘shma xalqaro kompaniya tashkil etish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi O‘zbekiston — Afg‘oniston loyihasi Farg‘onada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, «Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati tijorat faoliyati departamenti boshlig‘i Timur Xalilov hamda «Kam Air» rahbari Muhammad Sulaymon ishtirok etdi.

Tomonlar Farg‘onada bazasi joylashadigan qo‘shma aviakompaniya tashkil etish masalasi yuzasidan fikr almashdilar. Tashabbusni amalga oshirish imkoniyatlari, zarur infratuzilma va korxonaga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar ishtirokchilari loyihani amaliy bosqichga o‘tkazish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratdilar. Yangi aviakompaniya faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etishda yordam beradigan tegishli tuzilmalar va mutaxassislar vakillari jarayonga jalb qilinishi kutilmoqda. Uchrashuv yakunida keyingi qadamlar va aviatsiya sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari kelishib olindi.

Mazkur uchrashuv doirasida Farg‘ona viloyati va Afg‘oniston delegatsiyalari Bozorovning joriy yil iyul oyi oxirida qo‘shni mamlakatga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini ham muhokama qildi. Tomonlar savdo-investitsiyaviy hamkorlik va o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Qayd etish joiz, «Kam Air» O‘zbekiston bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Jumladan, avvalroq xabar qilinganidek, aviakompaniya 2026 yil iyul oyidan Toshkent va Kobul o‘rtasidagi reyslar sonini haftasiga uchtaga oshirgan.

ℹ️ «Kam Air» — Afg‘onistonda 2003 yilda tadbirkor Zamari Kamgar tomonidan tashkil etilgan birinchi xususiy aviakompaniya hisoblanadi. Ayni paytda aviakompaniya parki 13 ta samolyotdan iborat. Kompaniya ichki reyslarni amalga oshiradi, shuningdek, xorijga — BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Hindiston, Qatar, Quvayt va Pokistonga parvozlarni amalga oshiradi. 2017 yildan «Kam Air» Afg‘oniston va O‘zbekiston poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygan.