Qozog‘istonda sud 12 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan kafedagi portlash hodisasi bo‘yicha hukm chiqardi

Videodan skrinshot

Burabay tuman sudida Qozog‘istonning Aqmola viloyatidagi Shuchinsk shahrida joylashgan «Sentr plova Loft» kafesida sodir bo‘lgan portlash va yong‘in bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Hodisa oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan, yana 11 kishi jabrlangan. Uch nafar sudlanuvchi real ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi, deb xabar beradi Kazinform.

Sudlanuvchilar o‘rindig‘ida kafe ijarachisi, avtomobil gaz quyish shoxobchasi (AGQSH) direktori hamda gaz ballonlarini yetkazib bergan shaxs bo‘lgan.

Burabay tuman sudi sudyasi Asel Ilyasova kafe ijarachisini Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 292-moddasi 3-qismi — yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, ehtiyotsizlik oqibatida og‘ir oqibatlarga, sog‘liqqa og‘ir zarar yetkazilishiga va ikki nafardan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lganlikda aybdor deb topdi.

Unga yetti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, ozodlikka chiqqanidan keyin uch yil davomida umumiy ovqatlanish sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlandi.

AGQSH direktori Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 306-moddasi 3-qismi — iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish, ehtiyotsizlik oqibatida ikki nafardan ortiq shaxsning sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi va bir kishining o‘limiga sabab bo‘lganlikda aybdor deb topildi. Sud unga yetti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Gaz ballonlarini yetkazib bergan shaxs ham Jinoyat kodeksining 306-moddasi 3-qismi bo‘yicha aybdor deb topilib, olti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

Bundan tashqari, sud jabrlanuvchilarning fuqarolik da’volarini qisman qanoatlantirdi. Ularning har biriga 1 milliondan 4 million tengegacha ($2 ming — $8,7 ming) mablag‘ to‘lanadi.

Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan va 15 kun ichida shikoyat qilinishi mumkin.

Kafe ijarachisi so‘nggi so‘zida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini lozim darajada nazorat qilmaganini tan olgan. U jabrlanganlardan kechirim so‘radi va fojiadan keyin ham jabrlanganlarga yordam berishda davom etganini bildirgan.

«Sud muhokamasi davomida mening aybim kafe faoliyatini lozim darajada nazorat qilmaganimda, ya’ni yong‘in xavfsizligi me’yorlariga rioya etilmaganida ekanini tushundim. “Sentr plova” muassasasining barcha hujjatlari va ishlarini boshqaruvchiga ishonib topshirganimga e’tiborsizlik bilan yondashdim, chunki uning mas’uliyatiga ishongan edim», — degan u.

AGQSH direktori ham jabrlanganlardan kechirim so‘ragan, biroq o‘z aybini tan olmagan. Uning ta’kidlashicha, ekspertlar va mutaxassislar fikriga ko‘ra, yong‘inga tashqi ta’sir natijasida ballonning yorilishi sabab bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 25 fevral kuni «Sherol» AGQSHda maishiy gaz ballonlarining to‘ldirilishi 26 fevral kuni kafeda sodir bo‘lgan yong‘in bilan sababiy bog‘liq emas. Sudlanuvchi unga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

Gaz ballonlarini yetkazib bergan shaxs so‘nggi so‘zida suddan sodir bo‘lgan voqeaga adolatli va qonuniy baho berishni so‘ragan.

26 fevraldan 27 fevralga o‘tar kechasi Shuchinsk shahridagi «Sentr plova Loft» kafesida gaz balloni portlagpan va shundan so‘ng yong‘in boshlangan. Dastlab olti kishi halok bo‘lgani va 20 ga yaqin kishi jabrlangani xabar qilingan. Keyinchalik halok bo‘lganlar soni 12 nafarga yetgan, yana 11 kishi tan jarohati olgan.

Portlash fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov kafeda gazdan foydalanishda xavfsizlik talablari buzilganini aniqlagpan. Ballonlar maxsus mo‘ljallangan xonada emas, boshqa joyda saqlangan, oshxona esa tashrif buyuruvchilar uchun mo‘ljallangan umumiy zal bilan birlashtirilgan. Bundan tashqari, gaz uskunalaridan majburiy texnik xizmat ko‘rsatish shartnomasisiz foydalanilgan.

Yong‘indan so‘ng kafeda beshta gaz balloni, jumladan portlagan ballon ham olib qo‘yilgan. Ish materiallariga ko‘ra, ularning barchasidan foydalanish muddati 20 yildan ortiq vaqt avval tugagan va belgilangan texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan.

Kompleks ekspertiza xulosasiga ko‘ra, portlashga oshxona hududida bo‘lgan ballon devorining yorilishi natijasida gaz sizib chiqishi va shu orqali portlash xavfi yuqori bo‘lgan gaz-havo aralashmasi hosil bo‘lishi sabab bo‘lgan. Xulosaga ko‘ra, uning yonishiga gaz plitasidagi ochiq olov sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Jabrlanuvchilar sudda oshxonada gaz hidi kelgani va ventilyatsiya bilan bog‘liq muammolar bo‘lganini so‘zlab berishgan. Halok bo‘lgan xodimalardan birining qarindoshi kafe orqa eshigi yonida plitaga ulangan bir nechta gaz balloni turganini ta’kidlagan.

Prokuratura, shuningdek, ish bo‘yicha ayblanuvchi sifatida jalb qilingan AGQSH direktori faoliyatidagi qoidabuzarliklarga ham alohida e’tibor qaratgan. Ayblov tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shoxobchada avtomobil va maishiy gaz ballonlarini noqonuniy sotish hamda to‘ldirish amalga oshirilgan. Sudda bildirilishicha, xodimlar sanoat xavfsizligi talablari bo‘yicha zarur o‘quv va bilim sinovidan o‘tmagan.