O‘zbekiston IIV sobiq rahbari prezidentning kadrlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Po‘lat Bobojonov. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston prezidentining kadrlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Po‘lat Bobojonov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Tegishli farmonni respublika rahbari Shavkat Mirziyoyev imzoladi, deb xabar beradi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Qayd etilishicha, davlat rahbari Administratsiyasida ishlashidan oldin uzoq yillar Ichki ishlar vazirligini boshqargan Bobojonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod qilingan. Mulozimning aynan qaysi lavozimga tayinlangani hozircha ma’lum emas.

Asadovning qo‘shimcha qilishicha, qaror prezident Administratsiyasi tuzilmasini optimallashtirish bo‘yicha ishlar doirasida qabul qilingan. Xususan, kadrlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi va uning bo‘linmasi endi tugatildi.

Kadrlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimida Gafurjon Mirzayev ishlagan. Prezident uni respublika Bosh vaziri o‘rinbosari — O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi lavozimiga tayinladi.

ℹ️ Po‘lat Bobojonov 1961 yilda tug‘ilgan. Uzoq yillar Bosh prokuratura tizimida ishlagan, besh yil davomida nazorat organi rahbari o‘rinbosari lavozimini egallagan. 2012 yildan Xorazm viloyati hokimi bo‘lgan, 2017 yilda esa Ichki ishlar vaziri etib tayinlangan. General-leytenant. 2025 yil mart oyida Ichki ishlar vaziri lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rnini Aziz Tashpo‘latov egalladi. Bobojonov esa prezidentning kadrlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.