Bir qator korrupsiyaviy mojarolar fonida Mirziyoyev Migratsiya agentligi rahbarini almashtirdi

Behzod Musayev (chapda), Muhsinxo‘ja Abdurahmonov. «Farg‘ona» kollaji

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat hukumati huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayevni lavozimidan ozod qildi. Ushbu lavozimga avval Markaziy Osiyo respublikasining Yaponiyadagi elchisi sifatida ishlagan Muhsinxo‘ja Abdurahmonov tayinlandi. Kadrlar almashinuviga oid xabarni davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Davlat rahbari farmoniga ko‘ra, Musayev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Amaldor o‘z faoliyatini aynan qayerda davom ettirishiga aniqlik kiritilmagan.

So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida Migratsiya agentligi bilan bog‘liq bir qator korrupsiya holatlari haqida ma’lumotlar tarqalgandi. Jumladan, joriy yilning may oyida respublika Bosh prokuraturasi agentlikning sobiq xodimlari ham kirgan jinoiy guruh faoliyatini fosh qildi. Tergov versiyasiga ko‘ra, jinoyatchilar o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga ishlash uchun yuborish bo‘yicha noqonuniy sxema tashkil etib, o‘z xizmatlari uchun 35 nafar fuqarodan 263 ming dollardan ortiq mablag‘ olgan. Tezkor tadbirlar davomida firibgarlar avval ham mehnat migrantlaridan noqonuniy to‘lovlar undirgani aniqlangan. Shu tariqa, ular minglab odamlarni aldagan, yetkazilgan zarar miqdori esa o‘nlab million dollar bilan baholanmoqda.

Avgust oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Migratsiya agentligi mansabdor shaxslari yirik miqdorda mablag‘larni o‘zlashtirishda gumonlanayotganini ma’lum qildi. Gap amalda davlat tuzilmasida ishlamagan ikki nafar fuqaroga ish haqi sifatida berilgan qariyb 1 milliard so‘m (taxminan 85 ming dollar) haqida bormoqda. Mamlakat Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, xalqaro qidiruvda bo‘lgan agentlikning sobiq xodimi Aziz Tashtemirov o‘zining sobiq idorasi rahbariyatiga oid kompromatlarni e’lon qildi. Xususan, u Behzod Musayevni agentlik rahbari oilasiga rasmiylashtirilgan biznesni «ilgari surish»da aybladi. Qayd etilishicha, uning xotini va farzandlariga Toshkent markazida joylashgan, taxminiy qiymati 4 million dollar bo‘lgan Consti Hotel mehmonxonasi tegishli bo‘lgan. Biroq bu ochiq ma’lumot bo‘lib, mehmonxona davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Tashtemirovning da’volariga javoban agentlik Musayevga nisbatan bildirilgan ayblovlar idora faoliyatiga bevosita aloqador emasligini ma’lum qildi.

Agentlikning sobiq xodimi, shuningdek, tashkilotda qimmatbaho sovg‘alar talab qilish, imtihonlarni soxtalashtirish, firibgarlik sxemalari va budjet mablag‘larini o‘zlashtirishga urinishlar ko‘rinishidagi korrupsiya avj olganini ta’kidlagan. O‘z navbatida, idora Tashtemirovning daromad manbalariga shubha bildirib, u tashkilot xodimi bo‘lgan davrida qarindoshlari nomiga umumiy qiymati 1,5 million dollar bo‘lgan yettita ko‘chmas mulk obyektini xarid qilganini ma’lum qildi.

ℹ️ Behzod Musayev Migratsiya agentligiga 2024 yil sentyabr oyida rahbar etib tayinlangan. Bunga qadar u Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vaziri, Sog‘liqni saqlash vaziri, ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari, Hisob palatasi raisi hamda Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimlarida ishlagan.

ℹ️ Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Toshkent iqtisodiyot universitetini tamomlagan, AQSHning Kaliforniya shtatidagi Chiko davlat universitetida amaliyot o‘tagan, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi kurslarida tahsil olgan. Shuningdek, Yaponiya oliy ta’lim muassasalarida magistratura va doktoranturada o‘qigan. 2004–2006 yillarda Coca-Cola Uzbekistan kompaniyasida menejer bo‘lib ishlagan, 2008–2017 yillarda esa Yaponiyadagi MTRUST korxonasi bosh direktori bo‘lgan. Davlat xizmatida Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Keyin respublika Tashqi ishlar vazirligining investitsiyalar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida qisqa muddat faoliyat yuritgan. 2021 yil iyul oyidan O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi bo‘lgan.