Ozon sotuvchilarga tovarlarni Qozog‘istondagi omborlarga joylashtirishni taklif qildi

vk.ru/ozon fotosurati

Ozon marketpleysi sotuvchilarga tovarlarni Olmaota va Ostonadagi o‘z logistika markazlariga joylashtirishni taklif qildi. Bu haqda kompaniya o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.

«Tovarlarni Olmaota va Ostonadagi obyektlarimizga joylashtirishga taklif qilamiz. U yerdan Rossiyadagi mijozlarga buyurtmalarni hech qanday muammosiz yetkazib beramiz. Shuningdek, mahalliy Ozon xaridorlari uchun tezkor yetkazib berish hisobiga Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi savdolar ham oshadi», — deyiladi xabarda.

Kompaniya aniqlik kiritishicha, tovarlarni Olmaota va Ostonaga yetkazib berish uchun sotuvchilarga qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi. Buning uchun yetkazib berishga ariza rasmiylashtirish va Qozog‘iston klasterlarini tanlash kifoya.

30 sentyabrga qadar Ozon Olmaota va Ostonaga yetkazib berishlar vaqtida kross-doking uchun alohida haq olmaydi. Kompaniya, shuningdek, Rossiyaga buyurtmalarni yetkazib berish bir necha kun davom etishini ma’lum qildi. Xususan, Yekaterinburgga tovarlar o‘rtacha to‘rt-besh kunda yetkaziladi.

Ozon ta’kidlashicha, Qozog‘istondagi logistika markazlarida istalgan miqdordagi tovarlarni, jumladan, yirik hajmli mahsulotlarni ham joylashtirish mumkin.

Ozonning bu taklifi Rossiyada marketpleyslarning logistika obyektlariga dronlar hujumlari fonida paydo bo‘ldi. O‘tgan yakshanba kuni Belgorodda Ozonning saralash markazi va yetkazib berish xabi hujumga uchradi. Jabrlanganlar bor, obyektda yong‘in chiqqan.

Avvalroq «Kommersant’» nashri manbalarga tayanib, Wildberries ni rivojlantiruvchi RWB guruhi Rossiyadagi obyektlarga qator dron hujumlaridan so‘ng Qozog‘istondan omborxonalar qidira boshlagani haqida xabar bergan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadagi ombor egalari xavflar ortib ketgani sababli kompaniyaga binolarni ijaraga berishga kamroq qiziqish bildirmoqda.

18 iyuldan boshlab Rossiyadagi Wildberries obyektlari dronlarning keng ko‘lamli hujumlariga duchor bo‘ldi. Shu bilan birga, Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi kompaniyadan bu masala bo‘yicha rasmiy so‘rovlar kelib tushmaganini ma’lum qilgandi.

Avgust oyida Wildberries va Russ birlashgan kompaniyasi matbuot xizmati asosiy quvvatlarni Rossiyadan tashqariga ko‘chirish haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Kompaniya ishtirok etayotgan mamlakatlarda logistika infratuzilmasini kengaytirishini, ombor obyektlari qurilishi esa reja asosida olib borilayotganini ta’kidladi. Xususan, Qozog‘istondagi qurilish ishlari so‘nggi hujumlardan ancha oldin boshlangan. Kompaniya Almatida qariyb 160 ming kvadrat metr maydonga ega majmua, Ostonada esa qariyb 100 ming kvadrat metrlik majmua barpo etmoqda. Ikkala obyektni ham 2027 yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.