Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish tarafdori ekanini bildirdi. Bu haqda Kremlin.ru saytida e’lon qilingan uchrashuv stenogrammasidan ma’lum bo‘ldi.
Modi Ukraina masalasini Putin bilan muntazam muhokama qilib kelishini va Hindiston bu yo‘nalishdagi barcha tinchlikparvar sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
«Urush davom etgan har bir kun insoniyatni, aslida, bir qadam ortga suradi, tinchlik sari tashlangan har bir qadam esa butun insoniyatga tinchlikka erishish uchun haqiqiy umid beradi. Biz cheksiz urushdan urushni tugatish, harbiy harakatlarni yakunlash sari o‘tishimiz zarur. Biz aynan shu yo‘nalishda harakat qilishimiz kerak. Bu butun insoniyat uchun juda muhim», — deya ta’kidladi Modi.
U barcha muammolar tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozimligini qo‘shimcha qildi.
«Biz ham aynan shu yo‘ldan bormoqdamiz», — dedi Putin va Modiga minnatdorchilik bildirdi.
Hindiston Bosh vaziri mazkur masalalarni muhokama qilishni taklif qildi va Rossiya prezidentining sentyabr oyida BRIKS sammitida ishtirok etish uchun Nyu-Dehliga bo‘lajak tashrifidan kutayotgan natijalari bilan o‘rtoqlashdi.
Putin va Modi 31 avgust kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida uchrashdilar.
Putin ertasi kuni sammitda so‘zga chiqib, qurolli mojarolarni keltirib chiqarishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
«Bugun, 1 sentyabr — Ikkinchi jahon urushi boshlangan kun. Biz dunyo amaliyotidan qurolli mojarolarni keltirib chiqarishga qaratilgan har qanday harakatlarni istisno qilish uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak. Ishonamanki, bizning faoliyatimiz aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda», — dedi Rossiya prezidenti.



