Qozoqlar va ruslar siyosat yoki din sababli hech qachon bir-biri bilan nizolashmagan. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar sammiti doirasida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar beradi TASS.
To‘qayev Putinning ikki mamlakat o‘rtasida gumanitar aloqalarni rivojlantirish muhimligi haqidagi fikrlarini qo‘llab-quvvatladi va bu munosabatlar ko‘p yillar davomida shakllanganini ta’kidladi.
«Dinlararo munosabatlar, qandaydir siyosiy munosabatlar borasida ham», — dedi Qozog‘iston prezidenti. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki xalq vakillari o‘rtasida yuzaga kelgan kichik mojarolar asosan «sof xo‘jalik nizolari» bilan bog‘liq bo‘lgan.
To‘qayev, shuningdek, Qozog‘iston Rossiya bilan hamkorlikni «xuddi shunday sur’atda, xuddi shunday dinamika va xuddi shunday samimiyat bilan» davom ettirish niyatida ekanini bildirdi.
Qozog‘iston prezidenti chegaraoldi hamkorligini rivojlantirishga ham alohida to‘xtaldi. Uning aytishicha, iyul oyida Omsk shahrida bo‘lib o‘tgan Rossiya va Qozog‘iston mintaqalararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli yakunlangan.
«Qozog‘iston bu yo‘nalishni oxirigacha, agar oxiri bo‘lsa, davom ettiradi», — dedi To‘qayev.
Iqtisodiy munosabatlar haqida gapirar ekan, prezident Qozog‘iston Rossiyani respublika uchun asosiy investitsiyaviy va savdo hamkori bo‘lib qolishini ta’kidladi.
«Men bu jarayonni doimo qo‘llab-quvvatlayman, chunki u xalqimiz manfaatlariga mos keladi», — dedi u va o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan oshganini qayd etdi.
To‘qayev, shuningdek, Putinning may oyida Ostonaga davlat tashrifini «tarixiy» deb atadi va Qozog‘iston hukumati o‘sha paytda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda davom etayotganini ma’lum qildi. Tashrif davomida Rossiya delegatsiyasi bilan muzokaralar natijasida tomonlar bir qator hujjatlarni, jumladan, Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi ishtirokida Qozog‘istonda birinchi atom elektr stansiyasini qurish bilan bog‘liq kelishuvlarni imzolagan.
Vladimir Putin, o‘z navbatida, Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarni «ikki tomonlama harakatlanadigan yo‘l» deb atadi. Bundan tashqari, Rossiya rahbari qozog‘istonlik hamkasbini parlament saylovlaridagi natijalar bilan shaxsan tabriklab, saylov yakunlari prezidentning mamlakatni rivojlantirish kursini qo‘llab-quvvatlashdan dalolat berishini ta’kidladi.
Ikki davlat rahbarlari 31 avgust — 1 sentyabr kunlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tayotgan SHHT sammiti doirasida uchrashdilar.



