Bishkekda bo‘lib o‘tgan SHHTning yubiley sammiti yakunlari bo‘yicha 30 ga yaqin hujjat imzolandi

Bishkekdagi SHHT sammiti. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ning yubiley sammiti yakunlari bo‘yicha 28 ta hujjat imzolandi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Sammit 1 sentyabr kuni Bishkek shahrida Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sadir Japarov raisligida bo‘lib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda SHHTga a’zo davlatlar sayyora aholisining 40 foizdan ortig‘ini birlashtiradi va jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb chorak qismini ta’minlaydi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fikricha, tashkilot ko‘lami yanada katta: u SHHTga a’zo mamlakatlarda dunyo aholisining qariyb yarmi istiqomat qilishi va global yalpi mahsulotning uchdan biridan ko‘prog‘i yaratilishini qayd etdi.

Ayni paytda SHHT tarkibiga o‘nta davlat — Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. Sammitda tashkilotga a’zo barcha davlatlar rahbarlari ishtirok etdi. Ular yangi xavfsizlik markazlarini tashkil etish, giyohvandlikka qarshi hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish, ekologiya va logistika masalalarini muhokama qildilar.

Sammitning asosiy siyosiy hujjati SHHTning 25 yilligiga bag‘ishlangan Bishkek deklaratsiyasi bo‘ldi. Undan tashqari, davlat rahbarlari 2002 yil 7 iyunda qabul qilingan SHHT Xartiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi protokolni tasdiqladilar.

Imzolangan hujjatlar paketidan, shuningdek, quyidagilar o‘rin oldi:

▪️ SHHTga a’zo davlatlarning xavfsizligiga tahdid va chaqiriqlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markaz to‘g‘risidagi nizom;

▪️ Tashkilotning Giyohvandlikka qarshi kurash markazi Ijroiya qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom. Uning tuzilmasiga Bishkekda ochiladigan Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash markazi kiradi;

▪️ giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha ikkita dastur. Ulardan biri 2030 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, narkotiklarga qaramlikka qarshi kurashishga qaratilgan, ikkinchisi esa 2030 yilgacha sintetik narkotiklar va ularning prekursorlari tarqalishiga qarshi choralarni muvofiqlashtirishni nazarda tutadi;

▪️ 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan SHHT davlatlarining xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik rejasi;

▪️ 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan SHHT mamlakatlari portlari va logistika markazlarini rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi va boshqa hujjatlar.

Sammit davomida Qirg‘iziston tashkilotdagi raislikni Pokistonga topshirdi.

ℹ️ Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yil iyun oyida tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha paytda Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tegishli deklaratsiyani imzolagan. 2026 yilga kelib SHHT a’zolari soni o‘ntaga yetdi. Tashkilotda Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi davlatlar hisoblanadi. SHHTning muloqot bo‘yicha hamkor maqomiga 15 ta davlat ega: Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kambodja, Qatar, Quvayt, Laos, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, BAA, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Shri-Lanka.