Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon maktab o‘quvchilarining ijtimoiy tarmoqlarga nazoratsiz kirishidan xavotir bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalarning internetda haddan tashqari ko‘p vaqt o‘tkazishi ularning darslarni o‘zlashtirishi va jismoniy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Davlat rahbari maktablarda o‘smirlarning smartfonlardan foydalanishi masalasiga Bilimlar kuni arafasida Dushanbe shahridagi 105-sonli maktabga tashrifi chog‘ida qilgan nutqida e’tibor qaratdi, deb xabar beradi «Aziya-Plyus».
Respublika rahbari o‘quvchilarning internetda doimiy bo‘lishi nafaqat ta’lim olishiga, balki ularning uyqusi, xotirasi va nutqiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Rahmonning eslatishicha, qator mamlakatlarda 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlar tomonidan mobil qurilmalardan foydalanishga allaqachon cheklovlar joriy etilgan.
Davlat rahbari Ta’lim va ilm vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarga masalani har tomonlama o‘rganib chiqish va ushbu muammoni hal etish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritishni topshirdi. Shu bilan birga, prezident yoshlarda internet, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellektdan foydalanish madaniyatini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.
Rahmon, shuningdek, ta’lim sohasidagi qator yutuqlarni qayd etdi. Jumladan, respublika mustaqilligi yillarida sohani rivojlantirish uchun budjetdan 70 milliard somonidan (7,5 milliard dollar) ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan, yana 10 milliard somonidan (1 milliard dollardan ortiq) mablag‘ davlat investitsiya dasturlari doirasida ajratilgan. Ushbu davr mobaynida mamlakatda 1,8 million o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan 4135 ta ta’lim muassasasi binosi qurilgan. Umuman, tegishli ijtimoiy loyihalarga 8,4 milliard somonidan (903,6 million dollar) ortiq mablag‘ sarflangan.
Rahmonning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston maktab darsliklari taqchilligi muammosini to‘liq hal qilgan. Endi, prezident ta’kidlashicha, Ta’lim vazirligi darsliklar sifatini va ularning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlashga e’tibor qaratishi lozim. U Tojikistonda xorijiy metodikalarni joriy etishdan oldin ularni o‘rganish zarurligini ham ta’kidladi, chunki bu usullar mamlakat sharoiti va milliy qadriyatlarga moslashtirilishi kerak.
Prezident o‘rta kasb-hunar ta’limi masalalariga ham to‘xtalib, bugungi kunda bunday muassasalarda 106,5 mingdan ortiq odam tahsil olayotganini aytdi. Joriy yilda hukumat yaqin yillarga mo‘ljallangan boshlang‘ich va o‘rta kasb-hunar ta’limini rivojlantirish dasturini tasdiqlagan. Xususan, uni amalga oshirish doirasida 61 ta ta’lim muassasasini ta’mirlash va qayta tiklash ko‘zda tutilgan.
Zamon ruhiga mos ustuvor yo‘nalishlar haqida gapirar ekan, Rahmon yoshlarni zamonaviy kasblar, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni o‘rganishga ko‘proq e’tibor qaratishga chaqirdi. U mehnat bozorida IT, dasturlash va kiberxavfsizlik sohalari mutaxassislariga talab yuqori ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda maktablar va oliy ta’lim muassasalarida mobil telefonlar va boshqa gadjetlardan foydalanish taqiqlangan, biroq bu taqiq bevosita darslar vaqtida amal qiladi.



