Japarov: Qirg‘iziston va Xitoy hamkorligi rivojlanishning «oltin davri»ga kirdi

Si Szinpin va Sadir Japarov. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanishning yangi «oltin davri»ga kirdi. Bu haqda Markaziy Osiyo respublikasi prezidenti Sadir Japarov Bishkekda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

«Qisqa tarixiy davr ichida munosabatlarimiz yangi davrda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi va bugun tarixiy yuksak darajaga yetdi. Ishonch bilan aytishim mumkinki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanishning yangi “oltin davri”ga kirdi», — dedi Qirg‘iziston rahbari.

Si Szinpin ham qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar rivojini ijobiy baholab, siyosiy o‘zaro ishonchning yuqori darajasi va amaliy hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotganini ta’kidladi. Xitoy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bunday hamkorlik nafaqat ikki davlat xalqlari farovonligini oshirishga xizmat qiladi, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shadi.

Muzokaralar chog‘ida Japarov va uning mehmoni ikki tomonlama sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildi. Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi, «Bedel» chegara-o‘tkazish punktini yanada obodonlashtirish hamda Barskoon — Bedel avtomobil yo‘lini qurishga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu strategik tashabbuslarni amalga oshirish Qirg‘izistonning tranzit salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlashi va Xitoyni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan transport-logistika koridorini shakllantirishi ta’kidlandi.

Tomonlar, shuningdek, xavfsizlik, savdo, investitsiyalar, energetika, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash kabi sohalardagi hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi. Xususan, agrosanoat majmuasida kooperatsiya masalalari — qo‘shma korxonalar tashkil etish va Qirg‘izistonda yetishtirilgan ekologik toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Xitoy bozoriga yetkazib berishni kengaytirish muhokama qilindi.

Shuningdek, istiqbolli yo‘nalishlar sifatida quyidagilar belgilandi:

▶️ sun’iy intellekt;

▶️ raqamli xizmatlar;

▶️ elektron savdo;

▶️ ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini qurish va Qirg‘iziston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish.

Uchrashuv yakunida Japarov va Si Szinpin Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasida abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani, shuningdek, yangi davrda har tomonlama strategik sheriklikni yuqori sifatli rivojlantirish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari huzurida qator hujjatlar almashildi, jumladan:

✅ Qirg‘iziston–Xitoy davlat chegarasidagi «Bedel» chegara-o‘tkazish punkti orqali chegara daryosi O‘zөngү-Kuush (Choң-Uzun-Gush) ustidan avtomobil yo‘li uchun chegara ko‘prigi qurish to‘g‘risida hukumatlararo kelishuv;

✅ «Xitoy — Markaziy Osiyo — Yevropa» temir yo‘l ekspresslari bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida anglashuv memorandumi;

✅ Qirg‘iziston Milliy teleradioeshittirish korporatsiyasi va Xitoy Media korporatsiyasi (China Media Group) o‘rtasida media kontent sohasida hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida anglashuv memorandumi;

✅ Qirg‘iziston Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vazirligi o‘rtasida 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha harakatlar rejasi;

✅ Bishkek davlat universiteti va Pekin chet tillar universitetining qo‘shma institutini tashkil etish to‘g‘risida kelishuv;

✅ Transchegaraviy banklararo to‘lov tizimi ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida kelishuv