Qozog‘istonlik Dastan Satpayev Angliya Chempionshipida debyut qildi

Dastan Satpayev. Ijtimoiy tarmoqdan olingan fotosurat

18 yoshli Qozog‘iston terma jamoasi hujumchisi Dastan Satpayev Angliya chempionatining ikkinchi kuchli divizioni — Chempionshipda «Byornli» safida debyut qildi.

Qozog‘istonlik futbolchi mehmonda «Vest Bromvich Albion»ga qarshi ikkinchi tur uchrashuvining 57-daqiqasida zaxiradan maydonga tushib, Josh Lorentning o‘rniga o‘ynadi. Bu vaqtga kelib, «Byornli» 1:2 hisobida ortda borayotgan edi. Uchrashuv mezbonlarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Satpayev jamoasiga yordam bera olmadi.

Qator OAV Satpayevni Chempionshipda o‘ynagan birinchi qozog‘istonlik futbolchi deb atadi. Biroq, avvalroq ushbu turnirda Qozog‘istonda tug‘ilgan Aleksandr Merkel ham ishtirok etgandi. U ham mamlakat milliy terma jamoasi safida o‘yinlarda qatnashgan.

2013/14 yilgi mavsumda Merkel «Uotford» safida Chempionshipda 11 ta uchrashuv o‘tkazib, bir gol urgan. Uning debyuti 2014 yil 11 yanvar kuni «Riding»ga qarshi o‘yinda bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda yarim himoyachi yoshlar darajasida Germaniya terma jamoasi sharafini himoya qilgan, Qozog‘iston milliy terma jamoasi safida esa ilk bor 2015 yil sentyabr oyida maydonga tushgan.

Satpayev Almatining «Qayrat» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2025 yilda «Chelsi» futbolchi 18 yoshga to‘lganidan so‘ng uni o‘z safiga qo‘shib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 2026 yil yozida qozog‘istonlik futbolchi London klubiga qo‘shildi va shundan so‘ng «Byornli»ga ijaraga berildi.