Demokrat va Kaliforniya shtati senatori Oysha Vahob (Aisha Wahab) Kaliforniyaning 14-saylov okrugida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovda g‘alaba qozonib, AQSH Kongressiga saylangan kelib chiqishi afg‘onistonlik bo‘lgan birinchi siyosatchi bo‘ldi. Bu haqda Khaama Press Decision Desk HQ ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Afg‘onistonlik qochqinlar oilasida tug‘ilgan Vahob Demokratik partiyadan bo‘lgan raqibi Melissa Ernandes ustidan g‘alaba qozondi. Ariana News ma’lumotlariga ko‘ra, ovozlarning 95 foizi hisoblab bo‘linganidan so‘ng Vahob 53 foizdan ko‘proq, Ernandes esa qariyb 47 foiz ovoz to‘plagan.
Vahob 2026 yil aprelida iste’foga chiqqan sobiq demokratik kongressmen Erik Suoluellning o‘rnini egallaydi. Suoluellga nisbatan jinsiy ta’qib ayblovlari bildirilgan, biroq u bu ayblovlarni rad etgan. Vahobning vakolat muddati 2027 yil yanvargacha davom etadi.
Vahobning g‘alabasi nafaqat afg‘on diasporasi, balki umuman Amerika siyosati uchun ham tarixiy voqea bo‘ldi. 2018 yilda u AQSHda davlat lavozimiga saylangan birinchi afg‘on-amerikalik ayolga aylangan — Kaliforniya shtatidagi Heyvard shahar kengashidan joy olgan. 2022 yilda esa u Kaliforniya shtati Senatiga saylangan birinchi musulmon ayol va birinchi afg‘on-amerikalik bo‘ldi.
Oysha Vahob 1987 yilda Nyu-Yorkda sovet-afg‘on urushi tufayli Afg‘onistondan qochib kelgan oilada tug‘ilgan. Uning kichikligida otasi o‘ldirilgan, ko‘p o‘tmay onasi ham vafot etgan. Oysha singlisi bilan birga vasiylik oilasida tarbiyalangan, keyin ularni Kaliforniyaning Frimont shahrida yashovchi afg‘on oilasi farzandlikka olgan. Vahob San-Xose universitetida siyosatshunoslik bo‘yicha bakalavr darajasini, Kaliforniya shtati universitetining Ist-Bey kampusida biznes boshqaruvi bo‘yicha magistr darajasini va Janubiy Kaliforniya universitetida ijtimoiy ish bo‘yicha doktorlik darajasini olgan. Siyosatga kirishidan oldin u texnologiya sohasi va notijorat tashkilotlarida ishlagan.
Vahob Medicare for All dasturini joriy etish, milliarderlarga soliqlarni oshirish, abort qilish huquqini himoya qilish va immigratsiya siyosatini o‘zgartirish, jumladan, Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE)ni tugatish tarafdori. 2023 yilda Vahob kastaga mansublik asosida kamsitishni taqiqlashga qaratilgan qonun loyihasini kiritgan. Qonun loyihasi mamlakat miqyosida e’tibor qozongan, ammo Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom unga veto qo‘ygan.
Saylov yakunlariga ko‘ra, demokratlar Vakillar palatasida 213 ta o‘rinni egallagan, respublikachilar esa 218 ta o‘rinni saqlab qolgan. Qizig‘i shundaki, Vahob va Ernandes 2026 yil noyabrida yana bir bor to‘qnash keladi — bu safar Kongressda to‘liq ikki yillik vakolat muddati uchun kurashadi.



