O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ikkinchi atom elektr stansiyasini qurishga tayyorgarlik ishlari yaqin orada boshlanishini ma’lum qildi. Bu haqda u 17 avgust kuni Xorazm viloyatida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida aytdi, deb xabar beradi «Gazeta.uz».
«Biz Jizzaxda atom elektr stansiyasi bo‘ladi, deb qachondir tasavvur qila olganmidik? Bugun sizlarga bir sirni aytaman: yaqin vaqt ichida ikkinchi [atom] stansiyasi bo‘yicha ham katta tayyorgarlik ishlarini boshlaymiz», — dedi Mirziyoyev.
Ikkinchi AES qurilishi uchun mo‘ljallanayotgan joy, stansiya quvvati va loyihani amalga oshirish muddatlari hozircha oshkor qilinmagan.
Prezident energetika loyihalarini amalga oshirishni investorlarni barqaror elektr ta’minoti va ishlash uchun tushunarli shart-sharoitlar bilan ta’minlash zarurati bilan bog‘ladi.
«Nega bu yerga investorlar kelyapti? Ularning birinchi savoli qanday? “Men o‘z investitsiyalarimni olib kelaman, elektr energiyasining narxi qancha bo‘ladi? Qanday kafolatlar bo‘ladi?” Agar biz 2030 yilgacha bo‘lgan strategiyamizni amalga oshirmasak, kafolatlangan elektr ta’minotini ta’minlamasak va tannarxni pasaytirish choralarini ko‘rmasak, bizga kim keladi? Hech kim, hech qachon», — dedi Mirziyoyev.
Avvalroq «O‘zatom» rahbari Azim Axmedxodjayev O‘zbekistonda katta quvvatli ikkinchi AES qurilishi ehtimoli haqida gapirgandi. Uning tushuntirishicha, birinchi stansiya dastlab ikkita yirik energoblokdan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan, ammo ularning sonini ikki baravar oshirish mumkin — AES uchun ajratilgan maydon bunga imkon beradi. Biroq «hozircha bunday rejalarimiz yo‘q».
Shu bilan birga, katta AESda reaktorlar sonini to‘rttaga yetkazish O‘zbekistonning 2040 yilgacha bo‘lgan energetika balansi strategiyasiga allaqachon kiritilgan. Energetika vazirligi rejalariga ko‘ra, 2030 yilda atom energetikasi mamlakat energetika tizimida ilk bor paydo bo‘lib, o‘rnatilgan quvvat 0,3 GVtni tashkil etadi. 2035 yilga kelib quvvat 2 GVtga, 2040 yilga borib esa 4 GVtga yetkaziladi. Shunda atom energetikasi o‘rnatilgan quvvat bo‘yicha ko‘mir generatsiyasidan o‘zib ketadi.
ℹ️ O‘zbekistondagi birinchi AES Jizzax viloyati Forish tumanidagi Tuzkon ko‘li yaqinida, qariyb 525 gektar maydonda qurilmoqda. Loyiha Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Atom energetikasi sohasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida AES qurilishini nazarda tutuvchi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv 2017 yil dekabr oyida imzolangan.
2024 va 2025 yillarda AESning kelajakdagi konfiguratsiyasini aniqlashtiruvchi yana ikkita kelishuv imzolandi. So‘nggi kelishuvlarga ko‘ra, Forish tumanidagi maydonda quvvati 55 MVtdan bo‘lgan RITM-200N reaktorlariga ega ikkita kichik energoblok hamda VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita yirik energoblok quriladi. Majmuaning umumiy quvvati 2,1 GVtni tashkil etadi. Energobloklarni ishga tushirish 2029–2035 yillarga mo‘ljallangan.
2035 yilga borib stansiya yiliga 15,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Bu O‘zbekistondagi hozirgi umumiy elektr energiyasi iste’molining qariyb 15 foiziga teng.
Birinchi energoblok qurilishiga 2026 yil 4 iyun kuni O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari ishtirokida start berildi.
AES qurish rejalari O‘zbekiston aholisi o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Stansiya tarafdorlari uning qurilishi texnologik taraqqiyot va iqtisodiyot uchun foyda keltirishini ta’kidlasa, muxoliflar AES ekologik falokat va yirik miqyosdagi o‘zlashtirishlar xavfini keltirib chiqarishi mumkin, deb hisoblaydi. 2025 yil dekabr oyida Forish tumanida jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi, ularning natijalari «O‘zatom»ni qanoatlantirdi.



