Xitoy birinchi marta ko‘p foydalaniladigan «Chjutsyue-3» raketa-tashuvchisining birinchi bosqichini quruqlikka muvaffaqiyatli qo‘ndirdi. Parvoz 19 avgust kuni ertalab mamlakat shimoli-g‘arbidagi Dunfen kosmodromidan amalga oshirildi, deb xabar beradi «Sinxua».
«Chjutsyue-3-Y2» (Zhuque-3, ZQ-3) raketasi Pekin vaqti bilan soat 7:35 da uchirilgan. Birinchi bosqich ajralganidan so‘ng, u ochiladigan tayanchlar yordamida boshqariladigan qo‘nishni amalga oshirdi. ZQ-3 raketasining ikkinchi bosqichi parvozni davom ettirib, «Xunxu-3» sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqdi.
Raketani Xitoyning xususiy aerokosmik kompaniyasi LandSpace ishlab chiqqan. «Chjutsyue-3» ikki bosqichdan iborat bo‘lib, uzunligi 66,1 metr, korpus diametri esa 4,5 metrni tashkil etadi. Birinchi bosqich o‘zgaruvchan tortish kuchiga ega bo‘lgan to‘qqizta TQ-12A kislorod-metan dvigateli bilan jihozlangan. Raketa suyuq kislorod va metanda ishlaydi hamda Yerga yaqin past orbitalarga yuklarni chiqarish uchun mo‘ljallangan.
Mutaxassislarning fikricha, uning muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilishi Xitoyning past Yer orbitasidagi sun’iy yo‘ldoshlar guruhini rivojlantirish jarayonini tezlashtirishi mumkin.
Avvalroq, 10 iyul kuni Xitoy birinchi marta «Chanchjen-10B» (Long March 10B, CZ-10B) raketa-tashuvchisining birinchi bosqichini dengiz platformasiga muvaffaqiyatli qaytargandi. Sinov mamlakat janubidagi Xaynan orolida o‘tkazildi. Raketa-tashuvchi Venchan kosmodromidan uchirildi, bosqichlar belgilangan tartibda ajratilgandan so‘ng, birinchi bosqich boshqariladigan tarzda pastladi va to‘rli qo‘nish tizimi yordamida maxsus dengiz platformasi tomonidan muvaffaqiyatli ushlab qolindi.
O‘sha paytda mahalliy OAV birinchi bosqichning muvaffaqiyatli qo‘ndirilishini Xitoy kosmik dasturi uchun tarixiy bosqich deb baholagan edi. «Xitoy dunyoda (AQSHdan keyin. — “Farg‘ona” izohi) raketa-tashuvchining birinchi bosqichini vertikal ravishda qaytarish texnologiyasini o‘zlashtirgan ikkinchi davlatga aylandi», — deya ta’kidlagan jurnalistlar.



