Qozog‘istonning Jambil viloyatidagi Merke tumanida jasadi topilgan O‘zbekiston fuqarosi Madina Rashidqizining o‘limi holatlari yuzasidan tergov olib borilmoqda, deb yozadi Qumash.kz.
Politsiya ma’lum qilishicha, voqea yuzasidan o‘z joniga qasd qilishga yetkazish moddasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlangan. Boshqarma hodisaning barcha holatlari aniqlanayotgani, tergov tafsilotlari esa oshkor etilmayotgani aytildi.
Marhumaning dugonasi so‘zlariga ko‘ra, fojiadan biroz oldin qiz unga oilaviy mojarolar haqida gapirgan va erini tashlab ketmoqchi ekanini aytgan. Madina eri bilan janjallardan bir necha bor shikoyat qilgan va dugonasining ta’kidlashicha, jismoniy zo‘ravonlikka ham uchragan. Qiz so‘nggi janjal haqida dugonasi bilan yozishmada xabar bergan, dugonasi esa ushbu yozishmani Threads'da e’lon qilgan. Uning aytishicha, mojaro er-xotinning sakkiz oylik farzandi uchun eri olib kelgan «Barni» biskviti sabab yuzaga kelgan. Biskvitni Madina yeb qo‘yganidan so‘ng, erkak uni urgan.
Ertasi kuni Madina yig‘ib qo‘ygan buyumlarining suratini dugonasiga yuborib, erini tashlab ketmoqchi ekanini aytgan. Shuningdek, u dugonasidan 15 ming tenge (32 dollar) so‘ragan, ammo o‘sha paytda pul topishning iloji bo‘lmagan.
Shundan so‘ng Madina bilan aloqa uzilgan. Keyinroq qaynonasi dugonasiga qiz vafot etganini xabar qilgan.
Madina O‘zbekiston fuqarosi, uning eri esa Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan. Ular qariyb ikki yil nikohda yashagan va sakkiz oylik farzandini tarbiyalagan. Dugonasining so‘zlariga ko‘ra, Madina homilador bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.
Marhumaning dugonasi Threads'dagi publikatsiyalarida uning o‘limi holatlariga shubha bildirib, ishni chuqur va xolis tergov qilishga chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, qiz tanasida jarohatlar bo‘lgan. Bu ma’lumotlar hozircha rasman tasdiqlanmagan.
So‘nggi yillarda Qozog‘istonda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi ortidan oilaviy zo‘ravonlik mavzusi keng muhokama qilinmoqda. Mazkur qonun oilada zo‘ravonlik qiluvchilarga nisbatan jazoni kuchaytiradi. Shuningdek, mamlakatda sobiq vazir Quandik Bishimbayevning fuqarolik nikohidagi rafiqasi Saltanat Nukenovani o‘ldirishi katta rezonansiga sabab bo‘lgandi. 2024 yil may oyida Bishimbayev ushbu jinoyati uchun 24 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Shov-shuvli sud jarayoni hakamlar hay’ati ishtirokida bo‘lib o‘tdi.



