Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 20 ta harbiy komissariat rahbarini almashtirdi, shuningdek, Milliy gvardiya, Chegara qo‘shinlari va Mudofaa vazirligi bo‘linmalariga yangi rahbarlarni tayinladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Milliy gvardiyada rahbarlik lavozimlariga tajribali ofitserlar tayinlandi. Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi, Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi hamda Hukumat huzuridagi Ijro xizmatida raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar yo‘nalishlariga mas’ul bo‘lgan yangi rahbar o‘rinbosarlari ish boshladi.
Mudofaa vazirligida esa boshqarmalar rahbarlari va harbiy qismlar qo‘mondonligi lavozimlariga Tojikistonda hamda xorijdagi ikki yoki undan ortiq oliy harbiy ta’lim muassasalarini tamomlagan mutaxassislar tayinlandi.
Kadrlar bo‘yicha qarorlarning asosiy qismi harbiy komissariatlar (voyenkomatlar)ga to‘g‘ri keldi. Ularning faoliyati tekshirilganidan so‘ng va prezident roziligi bilan Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati (TBAV), Spitamen, Ko‘histoni Mastchoh, Ayni va Shahriston tumanlari, Sug‘d viloyatining Istaravshan, Konibodom va Guliston shaharlari, Xatlon viloyatining Vose, Qo‘shoniyon, Xuroson, Temurmalik va Qubodiyon tumanlari, Ko‘lob, Boxtar va Levakant shaharlari, shuningdek, Rasht, Laxsh, Fayzobod tumanlari hamda Vahdat shahri harbiy komissarlari almashtirildi.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Chegara qo‘shinlarida TBAVdagi Chegara qo‘shinlari boshqarmasi boshlig‘i, bir qator chegara otryadlari rahbarlari va markaziy apparat boshqarmalari rahbarlari lavozimlariga yangi tayinlovlar amalga oshirildi.
Rahmon tayinlangan rahbarlar bilan uchrashuvda mamlakat xavfsizligi va uning rivojlanishi har bir amaldor hamda harbiy xizmatchining o‘z vazifasiga qanchalik mas’uliyat bilan yondashishiga bevosita bog‘liqligini ta’kidladi. Shuningdek, u hukumat jahondagi beqaror va oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyatni inobatga olgan holda harbiy xizmat sharoitlarini doimiy ravishda yaxshilab, armiyani zarur vositalar bilan ta’minlab kelayotganini qayd etdi.
Yakunda prezident mas’ul shaxslardan tartib va intizomni mustahkamlash choralarini ko‘rishni, nizom talablariga qat’iy rioya etishni va qo‘shinlarni doimiy jangovar tayyorgarlik holatida saqlashni talab qildi.



