Huquq himoyachilari To‘qayevni Yuliya Yemelyanova va Mansur Movlayevni Rossiyaga topshirmaslikka chaqirdi

Yuliya Yemelyanova va Mansur Movlayev. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar Qozog‘istonni Rossiya fuqarolari Yuliya Yemelyanova va Mansur Movlayevni Rossiyaga ekstraditsiya qilmaslikka chaqirdi. Bu haqdagi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev nomiga murojaat Xalqaro inson huquqlari jamiyati (ISHR) tomonidan e’lon qilindi. Tashabbusga «Kovcheg» tashkiloti va Urushga qarshi qo‘mita konsullari ham qo‘shilgan.

ISHR ma’lum qilishicha, agar Yemelyanova va Movlayev Rossiyaga ekstraditsiya qilinsa, ular uzoq muddatli qamoq jazosi, qiynoqlar hamda siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilinishi xavfiga duch kelishi mumkin.

«Qozog‘iston qonun ustuvorligi va Yevropadagi xalqaro hamkorlikka sodiqligini ta’kidlab keladi. Shu bilan birga, boshpana so‘rayotganlar aynan o‘zlari qochib chiqqan davlat tuzilmalariga topshirilish xavfi ostida turibdi», — deydi ISHR raisi Edgar Lamm.

Yuliya Yemelyanova — rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning Sankt-Peterburgdagi sobiq shtabi xodimi. Rossiyada unga nisbatan 2021 yilda o‘g‘irlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov talqiniga ko‘ra, faol go‘yoki Sankt-Peterburgda taksi haydovchisining telefonini o‘g‘irlagan. Yemelyanovaning o‘zi ayblovlarni rad etib, ish soxtalashtirilganini, o‘ziga nisbatan o‘g‘irlangani aytilgan telefonni birinchi marta politsiya bo‘limida ko‘rganini ta’kidlagan. Ish sudga oshirilganidan keyin ayol Rossiyani tark etgan.

O‘tgan yil 31 avgust kuni Yemelyanova Olmaota aeroportida qo‘lga olingan. U Qozog‘istonga tranzit yo‘lovchi sifatida kelgan bo‘lib, Gruziyadan Vetnamga uchayotgan bo‘lgan. Muxolifatchi Rossiya tomonidan davlatlararo qidiruvga berilgani asosida ushlangan.

Joriy yil 11 fevral kuni Qozog‘iston uni Rossiyaga ekstraditsiya qilish niyatida ekani haqida xabarlar tarqaldi. Shu oyning o‘zida G‘arbiy Qozog‘iston viloyati ma’muriy sudi rossiyalik fuqaroga siyosiy boshpana berishni rad etgan. May oyida esa huquq himoyachilari ma’lumotiga ko‘ra, u ikkinchi marta ham rad javobini olgan. Hozirda Yuliya Yemelyanova Olmaotadagi tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

ISHR va «Kovcheg» tashkilotlari Qozog‘istonda Yuliya Yemelyanovaga boshpana berish masalasi bo‘yicha sud jarayonlari davomida qonunbuzarliklar sodir etilganini ma’lum qiladi. Ularning ta’kidlashicha, ochiq sud majlislaridan biriga jurnalistlar kiritilmagan, sud BMTning Rossiyadagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Mariana Katsarovaning xati ish materiallariga qo‘shilishini rad etgan. Shuningdek, ish yuzasidan qarorlar Yemelyanovaning o‘zi va uning himoyachilari ishtirokisiz e’lon qilingan.

Mansur Movlayev — «Adat» muxolifat harakati ishtirokchisi bo‘lib, ushbu harakat Ramzan Qodirov rejimiga qarshi chiqadi. Rossiyada u tovlamachilik va ekstremizmda ayblanmoqda. 2020 yilda Movlayev giyohvandlikka oid ish bo‘yicha uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. U mazkur ishni soxtalashtirilgan deb hisoblaydi. Himoya tomonining ma’lum qilishicha, ozodlikka chiqqanidan so‘ng Movlayev o‘g‘irlab ketilgan va maxfiy saqlash joyida ushlab turilgan, keyinchalik u yerdan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Faolning o‘zi ta’qiblar Chechenistonda odamlarning o‘g‘irlab ketilishi haqidagi nashrlari bilan bog‘liqligini aytadi.

Qochib ketganidan so‘ng Mansur Movlayev Olmaotada yashab, murabbiy bo‘lib ishlagan. 2025 yil may oyida u Rossiya so‘roviga binoan qo‘lga olingan, biroq ko‘p o‘tmay boshpana izlovchi shaxs maqomini olgan va bu uni vaqtincha ekstraditsiyadan himoya qilgan. 2025 yil dekabr oyida Qozog‘iston hukumati uning siyosiy boshpana berish haqidagi iltimosini rad etadi, 2026 yil yanvar oyida esa Qozog‘iston Bosh prokuraturasi uni Rossiyaga ekstraditsiya qilishga sanksiya beradi.

2026 yil fevral oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Movlayevni ekstraditsiya qilishni to‘xtatib turishni talab qildi. Hozirda u hibsda saqlanmoqda. 8 may kuni Olmaota Tergov sudi uning ekstraditsiya maqsadidagi qamog‘ini uzaytirdi.

Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, Mansur Movlayev chechen xavfsizlik kuchlari xodimlari tomonidan o‘g‘irlab ketilganidan so‘ng elektr toki bilan qiynoqqa solingan va shafqatsiz munosabatga duchor bo‘lgan. Ular ma’lumotiga ko‘ra, uning qarindoshlari ham ta’qib qilinmoqda. Murojaatda qayd etilishicha, Chechenistonda hukumat tanqidchilari, huquq himoyachilari va ularning oila a’zolari ta’qib, majburiy yo‘qolish va halok bo‘lish xavfi ostida yashashmoqda.

Huquq himoyachilari Qozog‘iston hukumatini har ikki Rossiya fuqarosi uchun adolatli sud muhokamasini ta’minlashga va ularni Rossiyaga ekstraditsiya qilish o‘rniga uchinchi davlatlarga chiqib ketish imkoniyatini ko‘rib chiqishga chaqirdi.