BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi (BMT QOKB) urushlar va ta’qiblar tufayli o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan insonlarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan «Va’da» global kampaniyasini boshladi. Bu haqda BMT rasmiy saytida e’lon qilingan matbuot bayonotida aytilgan. Tashabbusni mashhur aktyorlar Anjelina Joli, Keyt Blanshett, Ben Stiller, shuningdek, Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzay qo‘llab-quvvatladi, deyiladi BMT saytidagi press-relizda.
Tashkilot ma’lum qilishicha, qochqinlar jamoalari yetakchilari, biznes vakillari, diniy arboblar hamda inson huquqlari himoyachilari ham ushbu harakatga qo‘shilgan. Shu bilan birga, BMT butun dunyo hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va befarq bo‘lmagan barcha insonlarni urushlar, zo‘ravonlik va ta’qiblar sababli o‘z yurtini tark etganlarni himoya qilishga ko‘maklashishga chaqiradi.
«Va’da» kampaniyasining asosiy maqsadi shunday dunyoni barpo etishdan iboratki, unda:
✅ har bir majburan ko‘chirilgan inson xavfsiz boshpana topishi mumkin;
✅ mahalliy jamoalar qochqinlarni ochiqko‘ngillik bilan qabul qiladi;
✅ hukumatlar qabul qiluvchi mamlakatlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatib, odamlarning majburiy ko‘chishi muammosini hal etish bo‘yicha uzoq muddatli yechimlarni ishlab chiqish orqali oldindan chora ko‘radi.
Ta’kidlanishicha, tashabbus juda muhim pallada boshlanmoqda, chunki hozirgi kunda dunyoda 41 milliondan ortiq qochqin bor.
Dunyoning turli hududlarida tinmayotgan mojarolar butun boshli oilalar hayotini izdan chiqarishda davom etmoqda, qochqinlarni qabul qilayotgan davlatlar esa misli ko‘rilmagan yuklamaga duch kelmoqda.
Shu bois BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Barham Solih rahbarligida o‘tkazilayotgan mazkur kampaniya majburan ko‘chirilgan insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli koalitsiyani shakllantirishi kutilmoqda.
BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasida ta’kidlanishicha, tashabbus Qochqinlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 75 yilligi munosabati bilan, 2027 yilga rejalashtirilgan Qochqinlar masalalari bo‘yicha global forum arafasida yo‘lga qo‘yilgan.
«Yetmish besh yil avval dunyo qochqinlikka majbur bo‘lgan insonlarni himoya qilishga va’da bergan edi. Bugungi vazifamiz — bu va’daning kelajak avlodlar uchun ham amaliy ahamiyatini saqlab qolishdir», — deydi Solih.
1951 yilda Ikkinchi jahon urushi oqibatlari ta’sirida qabul qilingan mazkur Konvensiya qochqinlarni xalqaro himoya qilishning huquqiy asosini yaratdi va quyidagi asosiy tamoyilni mustahkamladi:
ta’qibdan qochayotgan insonlar hayoti xavf ostida bo‘lgan joyga qaytarilmasligi kerak.
Bugungi kunda mazkur hujjatning asosiy tamoyillari har qachongidan ham dolzarbdir. Zero, zamonaviy dunyoda majburiy ko‘chishlar ko‘lamining misli ko‘rilmagan darajada ortishi butun gumanitar yordam tizimi uchun jiddiy sinov bo‘lib qolmoqda.
«Biz qochqinlarni qabul qilayotgan mamlakatlar va mahalliy jamoalarni qo‘llab-quvvatlashimiz, qochqinlarning o‘z imkoniyatlarini kengaytirishimiz, shuningdek, ularning ixtiyoriy ravishda o‘z yurtiga qaytishi uchun sharoit yaratishimiz shart», — deya xulosa qiladi BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari.



