«Kommersant’»: Wildberries Rossiyadagi logistika markazlariga dronlar hujumlaridan so‘ng Qozog‘istondan omborlar izlamoqda

Depositphotos/g0d4ather fotosurati

Wildberries Qozog‘istonda qo‘shimcha ombor maydonlarini izlashni boshladi, deb yozadi «Kommersant’». Nashr manbalariga ko‘ra, kompaniya Rossiyadagi omborlariga qator dron hujumlari uyushtirilganidan so‘ng tovarlarni saqlashning bir qismini Rossiyadan tashqariga ko‘chirishni rejalashtirmoqda.

«Kommersant’» suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, marketpleys umumiy maydoni taxminan 100 ming kvadrat metr bo‘lgan omborlarni tanlamoqda.

Manbalardan biri ta’kidlashicha, kompaniya Qozog‘istondagi deyarli barcha bo‘sh ombor joylarini ijaraga olishga tayyor, chunki bozorda takliflar cheklangan.

RWB guruhi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, kompaniya o‘zi faoliyat yuritayotgan barcha mamlakatlarda logistika infratuzilmasini rejali ravishda rivojlantirishda davom etmoqda. Qozog‘istonda hozirda Olmaota shahrida maydoni 100 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan logistika majmuasi qurilmoqda. Shuningdek, Ostona shahrida 160 ming kvadrat metr maydonga ega obyekt barpo etilmoqda va uni kelasi yili foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Kompaniya vakillari, shuningdek, hozirgi paytda asosiy e’tibor tovarlarni omborlar o‘rtasida qayta taqsimlash orqali logistika samaradorligini oshirish va hamkorlarning barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilganini bildirishdi.

Qo‘shimcha ombor maydonlariga ehtiyoj Rossiyadagi Wildberries obyektlariga qator dron hujumlaridan so‘ng paydo bo‘ldi. 18 iyuldan boshlab Ukraina tomonidan qilingan hujumlar natijasida Sankt-Peterburg, Moskva viloyati, Qrim, Tambov va Voronej viloyatlari, shuningdek, Stavropol va Krasnodar o‘lkalaridagi logistika majmualari zarar ko‘rgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy maydoni qariyb 444 ming kvadrat metr bo‘lgan kamida to‘rtta ombor majmuasi vaqtincha ishdan chiqqan. Bu kompaniya logistika quvvatlarining taxminan 8 foizini tashkil etadi.

NF Group konsalting kompaniyasi baholariga ko‘ra, 2025 yil oxirida Qozog‘istondagi sifatli ombor maydonlarining umumiy hajmi 1,9 million kvadrat metrni tashkil etgan, bo‘sh turgan maydonlar darajasi esa 5,8 foiz bo‘lgan. IBC Global boshqaruv hamkori Stanislav Axmedzyanovning ta’kidlashicha, 2026 yil iyun oxiriga kelib bozor hajmi 2,4 million kvadrat metrga yetgan. Biroq, mamlakatda 100 ming kvadrat metr maydonga ega yagona bo‘sh ombor majmuasi mavjud emas. Jami taxminan 130 ming kvadrat metr maydon bo‘sh bo‘lib, u turli shaharlar o‘rtasida taqsimlangan.

Shu bilan birga, Qozog‘istonda omborlarni ijaraga olish Wildberries kompaniyasiga narx bo‘yicha ustunlik bermaydi. IBC Global ma’lumotlariga ko‘ra, ombor ijarasining o‘rtacha narxi oyiga bir kvadrat metr uchun 5,18 ming tengeni tashkil etadi. Bu Moskva va Moskva viloyatidagi omborlar narxiga deyarli teng.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, Rossiya va Qozog‘istonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo ekani tufayli tovarlar ikki davlat o‘rtasida erkin harakatlanishi mumkin. Bu esa fulfilment-markazlar o‘rtasida tovar zaxiralarini qayta taqsimlash imkonini beradi. Biroq tahlilchilar fikricha, tovarlarning bir qismini Qozog‘istonga ko‘chirish logistika xarajatlari va yetkazib berish muddatlarining oshishiga olib kelishi mumkin.

Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Wildberries Rossiyada ham yangi ombor maydonlarini izlashda davom etmoqda. Biro,q obyekt egalari dron hujumlari takrorlanishi xavfi tufayli marketpleys bilan shartnoma tuzishdan tobora ko‘proq bosh tortmoqda. Odatdagi sug‘urta polislari bunday hodisalar oqibatida yetkazilgan zararni qoplamaydi, kengaytirilgan sug‘urta esa yirik logistika obyektlari uchun qimmat va deyarli foydalanish imkoni cheklangan xizmat bo‘lib qolmoqda.