Ostona shahri sudi ijtimoiy adovat qo‘zg‘atishda gumonlanayotgan «Axual segodnya» YouTube-kanali muallifi Azamat Omarovni qamoqdan ozod qilish haqidagi iltimosnomani rad etdi. Bu haqda uning turmush o‘rtog‘i Venera Mustafina Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kecha kechqurun sud advokat Tolegen Shaikovning jurnalistga nisbatan qo‘llangan ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqidagi xususiy shikoyatini ko‘rib chiqqan. Biroq sud shikoyatni qanoatlantirmagan.
«Sud qarori matnini kutyapmiz», — deb yozgan Mustafina.
Venera Mustafina sud majlisidan so‘ng advokat Tolegen Shaikovning Facebookdagi akkaunti bloklanganini ham ma’lum qildi.
«Mutaxassislardan yordam so‘rayman. Bu bloklanishni turmush o‘rtog‘im Azamat Omarovning kasbiy faoliyati bilan bog‘layman. Tolegen Shaikovning akkaunti ko‘rinmay qoldi, ammo uning nomi bilan yangi soxta akkaunt yaratilgan», — deydi Mustafina.
Azamat Omarov ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi satirik videoroliklari bilan tanilgan. 18 iyul kuni sud uni ikki oy muddatga qamoqqa olish haqida qaror chiqardi. Ostona politsiya departamenti ma’lumotiga ko‘ra, jurnalist Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 174-moddasi («Ijtimoiy, milliy, urug‘chilik, irqiy, tabaqaviy yoki diniy adovatni qo‘zg‘atish») bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida gumonlanuvchi sifatida ishtirok etmoqda.
Advokat Tolegen Shaikovning so‘zlariga ko‘ra, sudning qamoqqa olish haqidagi qarorida Omarovning satirik materiallari «jamiyatda salbiy fikr shakllantirishi mumkin» ekani qayd etilgan. Himoyachi, shuningdek, jurnalist o‘z uyida qo‘lga olingani, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uning kompyuteri, mobil telefonlari va boshqa texnika vositalarini musodara qilganini ma’lum qildi.
Omarov o‘z aybini tan olmagan va o‘z nashrlarini satira hamda hazil sifatida baholaydi.
U qo‘lga olinganidan so‘ng, so‘z erkinligini himoya qilish bo‘yicha xalqaro «Әdіl sөz» jamg‘armasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jurnalistga nisbatan jinoiy ta’qib qilish asoslarini tushuntirishga chaqirdi.
Omarovni, shuningdek, «Chegara bilmas reportyorlar» (RSF) tashkiloti ham himoya qildi. Tashkilot Qozog‘iston hukumatini unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bekor qilishga chaqirdi



