Putin Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlarga o‘zgartishlar kiritishni topshirdi

t.me/aqorda_resmi fotosurati

Rossiya рrezidenti Vladimir Putin hukumatga Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi amaldagi kelishuvlarga o‘zgartish kiritish yuzasidan muzokaralarni boshlashni topshirdi. Tegishli farmoyishlar 27 iyul kuni imzolanib, rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi. Bunga The Insider nashri e’tibor qaratdi.

Gap Qozog‘iston bilan 2013 yil 24 dekabrda imzolangan hamda O‘zbekiston bilan 2016 yil 29 noyabrda tuzilgan harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar haqida bormoqda. Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Rossiya hukumati ushbu hujjatlarga o‘zgartish kiritish bo‘yicha protokollarni imzolashi kerak.

Ayni paytda mazkur kelishuvlarga qanday o‘zgartishlar kiritilishi rejalashtirilganiga aniqlik kiritilmagan.

Amaldagi kelishuvlar nafaqat Rossiya qurol-yarog‘ini yetkazib berishni, balki harbiy maqsaddagi mahsulotlarni o‘zaro almashishni ham tartibga soladi. Ular doirasiga qurol-yarog‘ va harbiy texnika, harbiy-texnik hamkorlik sohasidagi ishlar va xizmatlar, harbiy-texnik axborot, texnologiyalar, intellektual faoliyat natijalari, shuningdek, konstruktorlik, texnik, texnologik va ekspluatatsiya hujjatlari kiradi.

Bundan tashqari, kelishuvlar qurol-yarog‘ni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini o‘tkazish, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va mutaxassislarni tayyorlashni ham nazarda tutadi.

Yetkazib berishlar tomonlarning vakolatli tashkilotlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Harbiy maqsaddagi mahsulotlarni olib kirish va olib chiqish Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning vakolatli davlat organlari tasdiqlaydigan ro‘yxatlar asosida bajariladi. Shu tariqa, mazkur kelishuvlar qurol-yarog‘, butlovchi qismlar va ularga oid xizmatlarni o‘zaro yetkazib berish imkonini beradi.

Mazkur tashabbus Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga qarshi amal qilayotgan G‘arb sanksiyalari fonida ilgari surildi.

Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan so‘ng Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qurol-yarog‘, harbiy va ikki xil maqsadda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar, jumladan elektron va optik komponentlar, dvigatellar hamda dronlar uchun butlovchi qismlarni eksport qilishni taqiqladi. Xuddi shunday cheklovlarni AQSH ham joriy etib, ularni Rossiya mudofaa sanoatida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan texnologiyalar, dasturiy ta’minot va uskunalarga nisbatan tatbiq qildi.

Bundan tashqari, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Yaponiya Rossiya qurol-yarog‘ ishlab chiqarish uchun xarid qilishga intilayotgan, deb hisoblanadigan 50 toifadagi tovarlar ro‘yxatini shakllantirdi. Unga mikrosxemalar, radionavigatsiya uskunalari, kondensatorlar, optik asboblar, podshipniklar, aviatsiya butlovchi qismlari va raqamli dasturiy boshqaruvga ega stanoklar kiritilgan. G‘arb davlatlari bunday tovarlar sanksiyalarga qo‘shilmagan mamlakatlar orqali Rossiyaga yetkazib berilishi mumkinligi haqida bir necha bor bayonot bergan.