Qozog‘istonda «tresh-blogerlar» to‘g‘ridan to‘g‘ri efirlarda haqorat va janjallar qilgani uchun jazolandi

Videodan skrinshot

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda, asosan TikTok platformasida e’lon qilingan qonunga xilof kontent uchun to‘qqiz nafar bloger va strimerni ma’muriy javobgarlikka tortdi, deb xabar beradi Polisia.kz. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, kontent mualliflari ko‘rishlar, layklar va donatlar olish maqsadida haqoratli so‘zlar ishlatish, xavfli pranklar va janjallarni namoyish etish orqali jamoat tartibini buzgan.

Eng qattiq jazoni Shimkent shahrida yashovchi 20 yoshli Daniyar Seydaliyev olgan. IIV ma’lum qilishicha, u to‘g‘ridan to‘g‘ri efir vaqtida elektroshoker qo‘llangan holda odam o‘g‘irlashni sahnalashtirgan. Efir davomida haqoratli so‘zlar ishlatilgan va jamoat tartibi qo‘pol ravishda buzilgan. Sud unga 8 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Olmaotada TikTok'da «Aqtөre» nikneymi bilan tanilgan 32 yoshli bloger Aqtөre Batirbek 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan. IIV ma’lumotlariga ko‘ra, u strimlar vaqtida atrofidagi odamlarni haqorat qilgan va kurakda turmaydigan so‘zlardan foydalangan.

Ostonada «Bauirsaq» taxallusi bilan tanilgan 37 yoshli bloger Indira Yeshtayeva ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Haqoratli so‘zlar ishlatgani va jamoat axloqi me’yorlarini buzuvchi kontent tarqatgani uchun sud unga mayda bezorilik moddasi bo‘yicha jarima tayinladi.

Jambil viloyatilik Laylo Qosimova ham jarimaga tortilgan. U «Altin qiz» nomi ostida efirlar olib borgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, u to‘g‘ridan to‘g‘ri efirlar vaqtida bir necha bor haqoratli so‘zlar ishlatgan va qonunga xilof kontent tarqatgan.

Yana bir holat Jambil viloyatida qayd etilgan. 19 yoshli Jarqinay Baybek va Asiljan Tanaberganov strimlar vaqtida tomoshabinlarni jalb qilish va donatlar miqdorini oshirish maqsadida ataylab bir-birini urgan. Ular ham ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, jami mamlakatning turli hududlaridan bo‘lgan to‘qqiz nafar kontent muallifi jazoga tortilgan.

IIV rasmiy vakili Shingis Alekeshev bunday kontentlarni bolalar va o‘smirlar muntazam tomosha qilishi alohida xavotir uyg‘otayotganini ta’kidlaydi. Shuningdek, u internetdagi anonimlik javobgarlikdan ozod qilmasligini aytgan.

«Anonim akkaunt yoki telefon ekrani ortida yashirinib qolish mumkin, deb o‘ylamaslik kerak. Ichki ishlar vazirligida har qanday qoidabuzarning shaxsini aniqlash uchun barcha zarur vositalar mavjud. Har bir bunday holat aniqlanadi. Kelgusida ham biz qoidabuzarlarning ismlarini ochiqlaymiz va buni faqat profilaktika maqsadlarida amalga oshiramiz», — dedi IIV vakili.