Qirg‘iziston MXDQ sobiq raisi ukasining ehtiyot chorasi zarar qoplanganidan so‘ng uy qamog‘iga o‘zgartirildi

Shairbek Tashiyev. nazarnews.org sayti fotosurati

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyevning ukasi, respublika parlamenti sobiq deputati Shairbek Tashiyev tergov izolatoridan uy qamog‘iga o‘tkazildi. Bu qaror korrupsiyada gumon qilinayotgan shaxs davlatga yetkazilgan zararning asosiy qismini qoplaganidan so‘ng qabul qilingan. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib, 24.kg nashri xabar berdi.

Ichki ishlar vazirligi Jinoyat kodeksining «Korrupsiya» moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan sobiq deputat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini davom ettirmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Tashiyev «Qirg‘izneftegaz» va «Qirg‘iz Petroleum Kompani» kompaniyalari mansabdor shaxslari bilan birgalikda yoqilg‘i-moylash materiallarini sotish bo‘yicha qonunga xilof sxema tashkil etgan. Natijada davlatga 4,1 milliard somdan ortiq (47 million dollar) miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Shu bilan birga, MXDQ sobiq rahbarining ukasi yetkazilgan zararning asosiy qismini qoplagan. Gap aynan qancha summa haqida ketayotgani ma’lum qilinmagan.

Biroq ushbu holat inobatga olinib, Tashiyevga nisbatan avval tanlangan ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan — sud gumonlanuvchini qamoqdan ozod qilib, uy qamog‘iga o‘tkazgan.

Shu bilan birga, Kaktus.Media nashri xabar berishicha, kichik Tashiyev umuman Bishkekdagi tergov izolatorida bo‘lmagan, u qo‘lga olingandan so‘ng poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasining vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlangan.

Vazirlik bu ma’lumotni tasdiqlab, sobiq deputat tergov izolatoriga olib borilmaganini, chunki u bilan tergov harakatlari o‘tkazilganini izohlagan.

Joriy yil 1 aprel kuni Shairbek Tashiyev qo‘lga olingani va Bishkek shahar IIBB vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgani haqida xabar berilgan edi. Unga nisbatan neft-gaz sohasidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu holatlar auditorlik tekshiruvi va Davlat soliq xizmati materiallari asosida aniqlangan.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, sobiq deputatning noqonuniy operatsiyalari oqibatida yetkazilgan zarar 4,1 milliard somdan ortiqni (47 million dollar) tashkil etgan. Bu summaga boy berilgan foyda hamda to‘lanmagan soliqlar kiradi. Masalan, «Qirg‘izneftegaz»ning 2023 yil uchun soliq qarzi taxminan 60,5 million somni (692 ming dollar), «Qirg‘iz Petroleum Kompani»ning soliq qarzi esa qariyb 54,4 million somni (622 ming dollar) tashkil etgan.