O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari talon-torojlik ishi bo‘yicha sakkiz yilga qamaldi

Mubin Mirzayev. daryo.uz sayti fotosurati

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi sobiq birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev juda yirik miqdordagi talon-torojlik jinoyati bo‘yicha 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Toshkent shahri Shayxontohur tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi qaror chiqargani haqida poytaxt sudlari matbuot xizmati o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Sobiq amaldor O‘zbekiston Jinoyat kodeksining quyidagi uchta moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi:

✅ 168-modda 4-qismi «a» bandi — («O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan juda yirik miqdorda o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish»);

✅ 205-modda 2-qismi «a» bandi — («Mansab vakolatini juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda suiiste’mol qilish»);

✅ 208-modda — («Hokimiyat harakatsizligi»).

Ozodlikdan mahrum qilish jazosidan tashqari, Mubin Mirzayevga uch yil muddatga muayyan huquqlardan mahrum qilish tarzidagi qo‘shimcha jazo ham tayinlandi.

Soliq qo‘mitasining sobiq xodimi bilan birga sudlanuvchilar o‘rindig‘ida yana sakkiz nafar shaxs bo‘lgan. Ular orasida muqaddam jinoyat sodir etgan shaxslar ham bor.

Ish bo‘yicha qolgan barcha ayblanuvchilar shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, soxta hujjatlar va muhrlar tayyorlash hamda boshqa jinoyatlarni nazarda tutuvchi Jinoyat kodeksi moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi.

Ayblanuvchilar 5 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

Shuningdek, sud hukmda ko‘rsatilgan moddiy zararni undirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Biroq, qoplanishi lozim bo‘lgan zarar miqdoriga aniqlik kiritilmagan.

Tayinlangan jazo muddatlari sudlanuvchilar qamoqqa olingan paytdan boshlab hisoblanadi. Shuningdek, ularga hukm ustidan yuqori turuvchi sud instansiyalariga shikoyat qilish tartibi tushuntirilgani Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabarida qayd etilgan.

Joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yirik kompaniyalardagi moliyaviy oqimlarni nazorat qiluvchi soliq va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini keskin tanqid qilgan edi. Shundan so‘ng Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov lavozimidan ozod etilgani e’lon qilingandi.

Davlat rahbari tekshiruvlar davomida milliardlab so‘mlik talon-torojlik holatlari aniqlanganini ta’kidlagan. Xususan, gap qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini sun’iy ravishda oshirish orqali budjet mablag‘larini o‘zlashtirish haqida bormoqda. Aynan shu yo‘nalish uchun mas’ul bo‘lgani sababli Mirzayev ham lavozimidan ozod etilgan edi.