Qirg‘izistonda overbuking taqiqlandi va aviakompaniyalar yo‘lovchilar bilan davlat tilida muloqot qilishga majbur etildi

Qirg‘iziston hukumati huzuridagi Fuqarolik aviatsiyasi davlat agentligi (FADA) overbukingni, ya’ni samolyotdagi haqiqiy yo‘lovchi o‘rinlari sonidan ortiqcha aviachiptalar sotishni rasman taqiqladi. Agentlik matbuot xizmati ma’lum qilishicha, ushbu qoida respublikadan amalga oshiriladigan yoki mamlakat aeroportlariga qo‘nadigan tijorat reyslarini bajaruvchi mahalliy va xorijiy aviatashuvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.

Yangi qoidaga muvofiq, agar aviakompaniya samolyotni sig‘imi kichikroq boshqa havo kemasiga almashtirishga majbur bo‘lsa, u mijozlarga quyidagi variantlardan birini taklif qilishi shart:

✔️ tashish shartlarini faqat yo‘lovchining roziligi bilan ixtiyoriy ravishda o‘zgartirish;

✔️ yo‘lovchini eng yaqin imkoniyatdagi reys bilan jo‘natish;

✔️ aviachipta qiymatining 100 foizini to‘liq qaytarish.

Qirg‘izistonga parvozlarni amalga oshiradigan aviatashuvchilarga o‘zlarining chipta sotish bo‘yicha ichki tartib-taomillarini qisqa muddat ichida regulyatorning yangi talablariga muvofiqlashtirish va xodimlar uchun tegishli yo‘riqnoma o‘tkazish topshirildi.

Fuqarolik aviatsiyasi davlat agentligi mazkur buyruq ijrosini qat’iy nazoratga olishini, shuningdek, reyslarda joy yetishmasligi bilan bog‘liq barcha fuqarolar murojaatlarini qayd etib borishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, FADA havo transporti yo‘lovchilariga xizmat ko‘rsatishda davlat tilidan foydalanish bo‘yicha talablarni kuchaytiradi. Endi samolyot ekipaji a’zolari bortdagi yo‘lovchilarga ma’lumotlarni qirg‘iz tilida ham yetkazishi shart. Mazkur talab nafaqat mahalliy aviatashuvchilarga, balki xorijiy aviakompaniyalarga ham tatbiq etiladi.

Xususan, yo‘lovchilar uchun asosiy e’lonlar, jumladan, favqulodda qutqaruv vositalari va harakatlarini namoyish etish, shuningdek, parvoz xavfsizligiga oid ma’lumotlar davlat tilida ham berilishi lozim. Bunda qirg‘iz tilidagi matn boshqa tillardagi matn bilan mazmun jihatidan to‘liq bir xil bo‘lishi kerak.

«Ushbu chora yo‘lovchilarning davlat tilida to‘liq va tushunarli axborot olish huquqini ta’minlash, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolik aviatsiyasi sohasida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga qaratilgan», — deyiladi agentlik xabarida.