2026 yil 27 iyuldan boshlab Rossiyada vaqtincha yashash ruxsatnomasi (RVP), doimiy yashash ruxsatnomasi (VNJ), Rossiya fuqaroligini olish va boshqa migratsiya xizmatlarini rasmiylashtirish uchun davlat bojlari oshiriladi. Ayrim xizmatlar narxi o‘n barobardan ham ko‘proqqa ko‘tarilgan. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi matbuot xizmati mamlakat hukumati tegishli qarorga tayanib xabar berdi.
Jumladan, Rossiya fuqaroligiga qabul qilish va undan chiqish ancha qimmatlashadi. Bu holatda davlat boji 4200 rubldan (54 dollar) 50 000 rublga (640 dollar) oshirildi. Shu bilan birga, boshqarma ma’lum qilishicha, ayrim toifadagi fuqarolar uchun bunday to‘lovlar nazarda tutilmagan. Bu — avval SSSR fuqarosi bo‘lganlar, vatandoshlarni ko‘chirish dasturi orqali Rossiya pasportini olayotganlar yoki Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan shaxslarga taalluqli.
RVPni rasmiylashtirish uchun to‘lov 1920 rubldan (24 dollar) 15 000 rublga (192 dollar) oshirildi. Agar ushbu hujjat ta’lim olish maqsadida kerak bo‘lsa (talabalar uchun vaqtincha yashash ruxsati), davlat boji 8000 rublni (102 dollar) tashkil etadi.
Bugungi kunga qadar VNJni (doimiy yashash guvohnomasi) rasmiylashtirish 6000 rublb (77 dollar) turar edi, endi esa davlat boji 30 000 rublga (384 dollar) oshirildi.
Migratsiya xizmati ma’lum qilishicha, maxsus harbiy operatsiya davrida Rossiya armiyasida kamida bir yil muddat xizmat o‘tash bo‘yicha shartnoma tuzgan xorijliklar RVP va VNJni rasmiylashtirish uchun davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.
Shuningdek, quyidagi xizmat turlari ham qimmatlashdi:
✅ kirish/chiqish vizasi — 1200 rubldan (15 dollar) 2000 rublga (25 dollar) oshdi;
✅ ko‘p martalik viza — 1920 rubldan (24 dollar) 6000 rublga (77 dollar) oshdi;
✅ kirish uchun taklifnoma — 960 rubldan (12 dollar) 8000 rublga (102 dollar) oshdi;
✅ xorijiy ishchilarni jalb qilish uchun ruxsatnoma — 12 000 rubldan (153 dollar) 15 000 rublga (192 dollar) oshdi;
✅ ishlash uchun ruxsatnoma — 4200 rubldan (54 dollar) 5000 rublga (64 dollar) oshdi.
Shu bilan birga, uch turdagi xizmatlar uchun davlat boji bekor qilinadi: harbiy xizmatchilar uchun VNJ rasmiylashtirish, Rossiya fuqaroligi mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlash hamda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish.
Yangi majburiy to‘lov miqdorlari 27 iyuldan boshlab davlat organlariga topshirilgan arizalarga nisbatan qo‘llaniladi. Ammo agar davlat boji oldindan (eski narxlar bo‘yicha) to‘langan bo‘lsa va hujjatlar ko‘rsatilgan sanadan keyin topshirilsa, fuqarolar narxlar o‘rtasidagi farqni qo‘shimcha to‘lashi va migratsiya bo‘limiga ikkita to‘lov kvitansiyasini taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Qonunchilikka ko‘ra, xorijliklar to‘langan davlat bojini to‘lov qilingan kundan boshlab uch yil ichida qaytarib olish huquqiga ega. Jumladan, ortiqcha to‘lov qilingan holatlarda yoki migrant xizmatdan foydalanishdan voz kechganida, ya’ni pulni o‘tkazib, ammo hujjatlarni topshirmagan taqdirda, mablag‘ qaytarilishi mumkin. Odatda, pulni qaytarish jarayoni bir oy ichida amalga oshiriladi.
Biroq, Rossiya Ichki ishlar vazirligi tushuntirishicha, agar fuqaro davlat organidan masalan, to‘lanmagan sudlanganlik holati mavjudligi kabi asoslar bo‘yicha xizmat ko‘rsatishni rad etish haqida qaror olgan bo‘lsa, davlat boji qaytarilmaydi.
Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning aytishicha, davlat bojlarining hozirgi oshirilishi federal budjetga har yili qo‘shimcha ravishda 15 milliard rubldan ortiq (192 million dollardan ziyod) mablag‘ tushishini ta’minlaydi.
«Xorijiy fuqarolarning mamlakatimizda bo‘lishi iqtisodiy jihatdan asoslangan bo‘lishi kerak. Ular esa nafaqat o‘zini, balki oilasini ham ta’minlay oladigan, qonunlarga rioya qiladigan, rus tilini biladigan, an’analarimiz, tariximiz va madaniyatimizni hurmat qiladigan hamda o‘zi yashash uchun tanlagan mamlakatga foyda keltiradigan yetuk shaxslar bo‘lishi lozim», — deya qo‘shimcha qildi parlament quyi palatasi raisi.



