Rossiyada mehnat qilayotgan xorijiy migrantlar o‘z daromadlari haqida hokimiyat organlariga ma’lum hujjatlarni taqdim etgan holda hisobot berishga majbur bo‘ladi. Shu tariqa, xorijliklar o‘zini va oilasini ta’minlay olishini tasdiqlashi kerak, aks holda ular mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26 iyul kuni amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kirituvchi federal qonunni imzoladi, deb xabar beradi TASS.
Qayd etilishicha, yangi qoidalarning aksariyati 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
O‘zgartishlarga muvofiq, migrantlar Rossiyada ularning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolarini yashash minimumi darajasidan kam bo‘lmagan miqdorda ta’minlashi kerak bo‘ladi. Bu miqdor hududiy koeffitsiyent hisobga olingan holda belgilanadi.
Aks holda, xorijlikka berilgan patent yoki ishlash ruxsati uzaytirilmaydi. Shundan so‘ng u 15 kun ichida voyaga yetmagan farzandlari bilan birga Rossiya hududini tark etishiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, yashash minimumi yashash hududiga qarab farq qiladi. O‘rtacha hisobda bu ko‘rsatkich mehnatga layoqatli aholi uchun 20,6 ming rublni (265 dollar) tashkil etadi. Hududiy koeffitsiyent — og‘ir iqlimiy yoki maxsus sharoitlarda yashashni qoplash maqsadida ish haqiga qo‘shiladigan ustama hisoblanadi. U Rossiya Federatsiyasi subyektiga qarab 1,15 dan 2 gacha bo‘lgan shkala asosida hisoblanadi.
Qonunda migrantlarning daromadlari vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinishi belgilangan. Jumladan, joriy yil 1 oktyabrdan boshlab soliq organlari bunday ma’lumotlarni avtomatik ravishda Rossiya Ichki ishlar vazirligiga yuborishni boshlaydi.
Shu bilan birga, xorijliklar daromadlari haqida mustaqil ravishda hisobot berishi kerak bo‘ladi. Ular har yili Rossiya Ichki ishlar vazirligiga yashash joyi haqida xabarnoma taqdim etish bilan bir qatorda, quyidagi hujjatlardan birini ham taqdim etadi:
👉 hisobot davri uchun daromad to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
👉 soliq deklaratsiyasining nusxasi;
👉 jismoniy shaxslar daromad solig‘i (NDFL) to‘langanini tasdiqlovchi hujjat.
Rossiya hokimiyati vaqtincha yashash va doimiy yashash ruxsatnomlarini bekor qilish asoslari ro‘yxatini ham kengaytirdi. Jumladan, migrantning daromadlari haqida ma’lumot bo‘lmasa yoki uning daromadi oilasining har bir a’zosi hisobida hududda belgilangan yashash minimumidan kam bo‘lsa, mamlakatda qolish muddati qisqartiriladi. Ushbu qoida jismoniy shaxslar qo‘lida ishlayotgan xorijliklarga ham tatbiq etiladi.
Taxmin qilinishicha, mehnat migrantlarining farzandlari Rossiyada faqat ota-onasiga berilgan patent amal qiladigan davr mobaynida va xorijlik shaxs o‘zi uchun hamda har bir farzandi uchun jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha avans to‘lovini amalga oshirgan taqdirdagina qolishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, migrantlarning farzandlari 18 yoshga to‘lganidan so‘ng 30 kun ichida yoki patent olish uchun hujjat topshirishi, yoki Rossiya Federatsiyasi hududini tark etishi kerak bo‘ladi.



