Qozog‘istonlik futbolchi «Chelsi» bilan Avstraliya va Osiyo bo‘ylab mavsumoldi yig‘iniga yo‘l oldi

Dastan Satpayev. «Chelsi» FK fotosurati

17 yoshli hujumchi, Qozog‘iston milliy terma jamoasi a’zosi Dastan Satpayev «Chelsi»ning Avstraliya va Osiyo bo‘ylab o‘tkaziladigan mavsumoldi yig‘ini uchun tarkibiga kiritildi.

«Chelsi» safarga 27 nafar futbolchini olib ketdi. Satpayev hujumchilar guruhidan Koul Palmer, Jeymi Gittens, Estevao, Joau Pedru va Liam Delap bilan birga o‘rin oldi.

Avvalroq qozog‘istonlik futbolchi asosiy jamoa bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etgan edi. Britaniya ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, u «Krouli Taun»ga qarshi yopiq nazorat uchrashuvida ham maydonga tushgan. Ushbu bahs London klubining 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.

«Chelsi» mavsumoldi yig‘iniga bir qator yetakchi futbolchilarisiz yo‘l olgan. Jamoa tarkibiga kapitan Ris Jeyms, Enso Fernandes, Moises Kaysedo, Mark Kukurelya, Pedru Netu va yangi futbolchi Morgan Rodjers kiritilmagan. Ayrim o‘yinchilarga klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin qo‘shimcha dam olish imkoniyati berilgan. Shuningdek, asosiy jamoa bilan safarga klub akademiyasining bir nechta tarbiyalanuvchilari ham jo‘nab ketgan.

«Chelsi» turne doirasidagi ilk uchrashuvini 28 iyul kuni Avstraliyaning «Vestern Sidney Uonderers» klubiga qarshi o‘tkazadi. Shundan keyin Xabi Alonso shogirdlari «Tottenhem», «Yuventus», «Milan» va Malayziyaning «Johor Darul Tazim» jamoalari bilan bahs olib boradi.

Dastan Satpayev 2026 yil 12 avgustdan keyin, 18 yoshga to‘lgach, rasman «Chelsi» futbolchisiga aylanadi. Angliya klubining iltimosiga binoan, futbolchi tarbiya topgan «Qayrat» klubi uni yangi jamoasi bilan mavsumoldi tayyorgarligida ishtirok etishi uchun ertaroq qo‘yib yubordi.

Ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, transfer summasi taxminan 4 million yevroni tashkil etgan va bu Qozog‘iston chempionati tarixidagi rekordli transferga aylangan.

Dastan Satpayev «Qayrat» safida Qozog‘iston chempionati va Superkubogida g‘olib chiqqan. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, u mamlakat Premer-ligasining eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. 2025 yil mart oyida hujumchi Qozog‘iston milliy terma jamoasi safida debyut qilgan va terma tarixidagi eng yosh futbolchiga aylangan. Shu yilning noyabr oyida esa Jahon chempionati saralash bosqichida Belgiya darvozasiga gol urib, milliy jamoa tarixidagi eng yosh gol muallifi sifatida qayd etilgan. Joriy mavsumda Satpayev Qozog‘iston chempionatida 15 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol urgan va 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

Ta’kidlash joiz, hozirda Angliya Premer-ligasida Markaziy Osiyoning yana bir futbolchisi — O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» safida to‘p surmoqda. Shuningdek, o‘tgan mavsumda Qozog‘istonlik Islom Chesnokov Shotlandiya chempionatida ishtirok etdi. U «Harts» safida 11 ta o‘yin o‘tkazib, Shotlandiya Premer-ligasida gol urgan ilk qozog‘istonlik futbolchi bo‘ldi. 2026 yil yozida Chesnokov Qostanayning «Tobol» klubiga qaytdi.