18 iyulga o‘tar kechasi Elektrostal shahridagi Wildberries omboriga qilingan dron hujumi oqibatida Tojikiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda «Novaya gazeta — Yevropa» xabar berdi.
Moskva viloyatidagi omborga qilingan hujum oqibatida halok bo‘lgan yagona kishi 25 yoshli Navro‘zjon Sodiqov bo‘lgan. Bu haqda birinchi bo‘lib Tojikistonning «Oila» nashri yozdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Navro‘z Xatlon viloyatining Jayhun tumanida tug‘ilgan, yaqinda turmush qurgan. U omborda akasi Sadriddin bilan birga ishlagan.
«Novaya gazeta — Yevropa» Sadriddin bilan bog‘langan va u ukasining vafot etganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, dronlar hujumi vaqtida Navro‘z og‘ir jarohat olgan. Tez yordam kelguncha kutmasdan, uni shifoxonaga olib ketishgan, ammo u yetib borgach vafot etgan. Navro‘z 2025 yil kuzidan beri Rossiyada yashagan va bu vaqtning katta qismini Elektrostal shahridagi omborda ishlab o‘tkazgan. Uning jasadi 22 iyul kuni samolyot orqali Tojikistonga yuborilgan.
Kompensatsiya haqidagi savolga javoban Sadriddin halok bo‘lgan xodimning oilasiga kadrlar autsorsingi va tanlash bilan shug‘ullanuvchi «Resurs plyus» kompaniyasi 1 million rubl to‘lab berganini aytgan. Wildberries vakillari esa hozircha Sodiqovlar oilasi bilan bog‘lanmagan. Avvalroq Wildberries rahbari Tatyana Kim halok bo‘lganlar oilalariga 2 million rubl miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatilishini va’da qilgan edi.
Elektrostal shahridagi omborda yuz bergan yong‘in oqibatida 50 nafardan ortiq kishi turli darajada jarohat olgan, ular orasida Qirg‘izistonning ikki nafar fuqarosi ham bo‘lgan. Ular Elektrostal shahri shifoxonasiga yotqizilgan bo‘lib, ahvoli qoniqarli deya baholanmoqda. Yana bir necha qirg‘izistonlik yurtdoshlari yong‘in oqibatida hujjatlari va shaxsiy buyumlarini yo‘qotgani haqida o‘z mamlakatining elchixonasiga murojaat qilgan. Ulardan ikki nafariga Qirg‘izistonga qaytish uchun guvohnoma rasmiylashtirib berilgan.
«Novaya gazeta — Yevropa»ning ta’kidlashicha, na mahalliy hokimiyat, na Wildberries kompaniyasi halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning ismlarini hozirgacha oshkor qilmagan. Shu bilan birga, Elektrostal ombori xodimlari chatlarida hujumdan beri aloqaga chiqmayotganlar ro‘yxatida 53 nafar kishi qayd etilgan bo‘lib, ular orasida Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarbayjon fuqarolari ham bor.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 18 iyulga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Tambov viloyatidagi Wildberries omboriga ham hujum qilgan edi. Hodisa oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan, yana 24 kishi turli darajada jarohat olgan. 22 iyulga o‘tar kechasi esa ushbu kompaniyaning Krasnodar va Nevinnomissk shaharlaridagi omborlari hujumga uchradi. O‘n kishi jarohat olgan, jabrlanganlardan biri shifoxonada vafot etgan. Nevinnomissk shahrida esa bir kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan va shifoxonaga yotqizilgan.



