Qozog‘iston Kashag‘an operatorini 4,9 milliard dollarlik jarimani to‘lamaganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirdi

ncoc.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston hukumati North Caspian Operating Company (NCOC) konsorsiumi ijrochi direktori Jankarlo Ruyuni sud qarorini bajarmaslik, ya’ni 2,3 trillion tenge (taxminan 4,9 milliard dollar) miqdoridagi ekologik jarimani to‘lamaslik ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilish uchun asos bo‘lishi borasida ogohlantirdi. Bu haqda vaziyatdan xabardor ikki manbaga tayanib, Reuters xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, konsorsium rahbariga rasmiy bildirishnomani Qozog‘iston Adliya vazirligining Atirau viloyati bo‘yicha davlat sud ijrochisi yuborgan.

Gap Qozog‘iston hukumati 2023 yilda Kashag‘an konida oltingugurtni ruxsat etilgan miqdordan ortiq saqlagani uchun NCOCga solgan jarima haqida ketmoqda. Konsorsium bildirilgan da’volarni tan olmagan va jarimani to‘lashdan bosh tortgan. Hozirda NCOC ushbu qarorni xalqaro arbitrajda bahslashmoqda.

O‘tgan hafta UNCITRAL arbitraj tribunali Qozog‘istonga nisbatan ta’minlov chorasi to‘g‘risida qaror chiqarib, ish ko‘rib chiqilishi yakunlanguniga qadar majburiy undirish choralarini qo‘llashni taqiqladi. Qozog‘iston Adliya vazirligi esa, o‘z navbatida, jarima qonuniy ekanini va u milliy sudlar qarorlari bilan tasdiqlanganini bildirdi.

Vazirlik, shuningdek, Qozog‘iston sudi qarori 20 iyulga qadar ixtiyoriy ravishda bajarilishi kerakligini ma’lum qilgan. Ushbu muddat tugaganidan so‘ng hukumat majburiy undirish choralarini, jumladan undiruv summasining 10 foizi miqdorida qo‘shimcha ijro yig‘imini qo‘llash huquqiga ega bo‘lgan.

Kashag‘an — Qozog‘istondagi eng yirik neft konlaridan biri. Uni o‘zlashtirayotgan NCOC konsorsiumi tarkibiga Shell, Eni, TotalEnergies, ExxonMobil, CNPC, Inpex kompaniyalari hamda milliy «QazMunayGaz» kompaniyasi kiradi.