«Unga yana o‘n yil beringlar!» — Asqar Akayev Qirg‘izistonning amaldagi rahbari vakolat muddatini uzaytirishni taklif qildi

Asqar Akayev. farabi.university sayti fotosurati

Cholpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan Issiqko‘l xalqaro forumida so‘zga chiqqan Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovga qo‘shimcha sakkiz yildan o‘n yilgacha muddat berishni taklif qildi. Uning fikricha, vakolat muddatini uzaytirish mamlakatda “iqtisodiy mo‘jiza”ni amalga oshirishni to‘liq yakunlash imkonini beradi.

Bu haqda sobiq davlat rahbarining so‘zlarini Ozodlik radiosining mintaqaviy bo‘limi — “Azattik Aziya” keltiradi.

Asqar Akayevning so‘zlariga ko‘ra, Sadir Japarov Qirg‘iziston uchun og‘ir davrda prezidentlik lavozimiga kelgan. Biroq, hozirgi kunda mamlakatda iqtisodiyot o‘sish kuzatilmoqda va aholi turmush darajasida yaxshilanmoqda. Mamlakatda amalga oshirilayotgan yirik loyihalarni sobiq prezident “qirg‘iz iqtisodiy mo‘jizasi” deb atagan, ammo bunga aniq misollar keltirmagan.

“Agar xalq Japarovga “qirg‘iz iqtisodiy mo‘jizasi”ni amalda ro‘yobga chiqarish uchun qo‘shimcha mandat bersa, bu donolik namunasi bo‘lardi. Hamma biladiki, “iqtisodiy mo‘jiza”ni amalga oshirish uchun 8–10 yil kerak”, — deydi Asqar Akayev.

Siyosatchi shuningdek, dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyat, xususan Yaqin Sharqdagi keskinlikdan xavotir bildirgan. Shuning uchun Akayev Markaziy Osiyo respublikasi mojarolarni hal qilishga hissa qo‘shishga qodir ekanini ta’kidlaydi. Chunki prezident Japarov tarixiy voqea — Qirg‘izistonning Xavfsizlik Kengashiga saylanishi tufayli keskinlikni yumshatish bo‘yicha o‘z g‘oyalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolariga yetkaza oladi, deb xulosa qiladi sobiq rahbar.

Sobiq prezident Qirg‘izistonga qaytishi mumkinligi haqidagi xabarlarga ham izoh berdi. Akayev bunday variantni faqat taklif qilingan taqdirdagina ko‘rib chiqishini ta’kidladi.

“Chingiz Aytmatov aytganidek, inson o‘z vatanida o‘lishi kerak”, — deb qo‘shimcha qilgan siyosatchi.

Akayev Qirg‘izistonni 1990 yildan boshqarib kelgan. Mustaqillik yillarida u o‘z vakolat muddatini bir necha bor uzaytirgan. Masalan, 1995 yilda Akayev muddatidan oldin prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonadi va Konstitutsiyaviy sud yangi muddatni uning birinchi muddati sifatida tan oladi. 2003 yilda parlamentni ikki palatalidan bir palataliga o‘zgartirish bo‘yicha referendum paytida fuqarolardan bir vaqtning o‘zida prezident 2005 yilgacha lavozimida qolishi kerakmi, deb so‘ralgan. Oxir-oqibat, ko‘pchilik ijobiy ovoz bergan.

Faqat 2005 yil mart inqilobi paytida Akayev ag‘darilgan. Mamlakatni 15 yil boshqargan siyosatchi Moskvaga qochib ketgan. Keyinchalik u “Qumtor” oltin qazib olish loyihasidagi korrupsiya bilan bog‘liq ishda ko‘rsatma berish uchun bir necha bor vataniga kelgan. Keyinroq, Akayevga qarshi ayblovlar da’vo muddati tugaganligi sababli bekor qilindi. 2025 yil sentyabr oyida respublikaning sobiq rahbari parlamentdan sobiq prezident maqomini tiklashni so‘radi, ammo uning iltimosi rad etildi.