Ashxobod Kaspiy dengizidagi loyihalar bo‘yicha Malayziyaning Petronas kompaniyasi bilan hamkorlikni yana o‘n yillarga uzaytiradi

abc.az sayti fotosurati

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov davlat konserni Türkmennebitga Malayziyaning Petronas Carigali (Turkmenistan) Sdn Bhd va davlat korxonasi Hazarnebit bilan Kaspiy dengizining Turkmaniston sektoridagi litsenziya maydonlarini o‘zlashtirish bo‘yicha yangi kelishuv tuzishga ruxsat berdi. Bu haqda davlat axborot agentligi TDX xabar qildi.

Hujjat Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning Ashxobodga tashrifi fonida imzolangan. Malayziya ommaviy axborot vositalari neft-gaz sohasidagi hamkorlikni mazkur tashrifning asosiy mavzularidan biri sifatida qayd etgan edi. Xususan, Malayziyaning Turkmanistondagi elchisi Mohd Suhaimi Ahmad Tajuddinning ma’lum qilishicha, gap Petronasning Turkmanistondagi faoliyatini yana 20–25 yilga uzaytirish haqida bormoqda.

Diplomatning ta’kidlashicha, Petronas kompaniyasi mamlakatda 1996 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va shu vaqtgacha Turkmaniston iqtisodiyotiga taxminan 11,8 milliard dollar investitsiya kiritgan.

Turkmaniston ommaviy axborot vositalari ta’kidlashicha, hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi qaror Kaspiy dengizidagi litsenziya maydonlaridan samarali foydalanish hamda mamlakat neft-gaz sohasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.

Shu bilan birga, rasmiy xabarlarda gap Kaspiy dengizidagi qaysi aniq litsenziya maydonlari haqida ketayotgani ochiqlanmagan. Aslida, bunday litsenziya hududlari dengiz shelfining ajratilgan uchastkalari bo‘lib, ularda kompaniyalar geologik-qidiruv ishlarini olib borishi, neft, gaz yoki kondensat zaxiralarini baholashi mumkin. Agar zaxiralarning tijoriy jihatdan samarali ekani tasdiqlansa, keyinchalik konlarni sanoat miqyosida o‘zlashtirish bosqichiga o‘tiladi. Petronas Turkmanistonda qariyb 30 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bois, kuzatuvchilar fikricha, yangi kelishuv kompaniya uchun avval o‘zlashtirilmagan yoki yangi taklif etilgan bloklarni qamrab olishi mumkin.

Turkmaniston Kaspiy dengizi shelfida hozirning o‘zida bir nechta xorijiy energetika kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Ularning eng yiriklari sifatida Petronas va Dragon Oil tilga olinadi. Dragon Oil 2000 yildan buyon Cheleken shartnoma hududining operatori hisoblanadi. 2025 yilda esa Block I loyihasiga XRG ham qo‘shilgan. Bu kompaniya ADNOCning xalqaro investitsiya bo‘linmasi hisoblanadi. Shuningdek, Block III bilan bog‘liq Buried Hill loyihasini ham alohida qayd etish mumkin. Biroq, mazkur loyiha Serdar/Dostluk koni bilan bog‘liq bo‘lib, Turkmaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi avvalgi bahslar tufayli nisbatan murakkab tarixga ega.

AQSH Energetika Axboroti Boshqarmasi (EIA) Kaspiy mintaqasi hisobotida Turkmaniston tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turishi ta’kidlangan – 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra taxminan 11,3 trillion kubometr. 2023 yilda mamlakat taxminan 85 milliard kubometr quruq gaz ishlab chiqargan va bu uni Kaspiy mintaqasidagi eng yirik gaz eksportchisiga aylantirgan.

Turkmaniston gaz eksportining asosiy yo‘nalishi hozircha Xitoy bo‘lib qolmoqda. EIA ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmanistondan Xitoyga quvurlar orqali yetkazib beriladigan gaz hajmi, jumladan Marakaziy Osiyo–Xitoy marshruti orqali amalga oshirilayotgan eksport 2022 yilda taxminan 34 milliard kub metrga yetgan. EIA tayanayotgan tahlilchilarning fikricha, to‘rtinchi tarmoq — D liniyasi qurib bitkazilgandan keyin Turkmanistonning Xitoyga gaz eksporti yiliga taxminan 65 milliard kub metrgacha oshishi mumkin.

Shu bilan birga, Ashxobod ta’minot yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda. EIA potensial yo‘nalishlar qatorida Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonga TAPH gaz quvurini, Eron orqali Iroqqa svop yetkazib berish va Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropaga olib boradigan Transkaspiy yo‘nalishini tilga oladi.