Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) O‘zbekistonda ta’lim, sog‘liqni saqlash va transport infratuzilmasi sohalarida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalarini ilgari surish ishlariga qo‘shilish niyatida.
Bu haqdagi kelishuv 18 iyun kuni Shavkat Mirziyoyevning YETTB prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuvi chog‘ida erishildi, deb xabar beradi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi strategik sheriklikning bugungi kunda misli ko‘rilmagan darajada yuqori ekani alohida ta’kidlandi. Hozirda O‘zbekiston YETTBning Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkori hisoblanadi. Ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalarning umumiy portfeli 7 milliard AQSH dollaridan oshgan. Investitsiyalarning asosiy qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, YETTB bilan ekologik toza transportni rivojlantirish va temir yo‘l infratuzilmasini raqamlashtirish sohalarida bir nechta yangi kelishuvlar imzolangan.
Tomonlar hamkorlikni kengaytirish rejalarini muhokama qilib, asosiy e’tiborni islohotlar dasturini amalga oshirishga qaratdilar. 2026 yil uchun quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi:
▪️ kichik va o‘rta biznesni kreditlash hajmini kengaytirish, shu jumladan eksportni moliyalashtirish;
▪️ ayollar va yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish dasturlarini amalga oshirish;
▪️ agrar-oziq-ovqat sohasini rivojlantirish;
▪️ bank-moliya tizimini transformatsiya qilish.
Shuningdek, O‘zbekiston loyihalarni tayyorlash mexanizmlarini takomillashtirish va ularni amalga oshirish samaradorligini oshirish maqsadida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlarini jalb qilishni rejalashtirmoqda.
ℹ️ Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston bilan 1990-yillar boshidan hamkorlik qilib keladi. 2007–2017 yillar oralig‘ida tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar deyarli to‘xtab qolgan bo‘lib, bank asosan mavjud investitsiya portfelini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullangan. YETTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 2017 yil kuzida, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng o‘z faoliyatini qayta tikladi. 2018 yil oktyabr oyida bank O‘zbekiston bo‘yicha strategiyasini qabul qilib, mamlakatda boshlangan islohotlarni hisobga olgan holda keyingi besh yil uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi. Oradan bir yil o‘tib, YETTB respublikadagi ikkinchi ofisini Andijon shahrida ochdi. Bu qaror mamlakatning eng zich aholi yashaydigan hududiga yaqindan ko‘mak berish maqsadida qabul qilingan.



