O‘zbekiston terma jamoasi 18 iyun kuni jahon chempionatlari tarixidagi ilk o‘yinini o‘tkazdi. Fabio Kannavaro jamoasi K guruhining birinchi turida Kolumbiyaga qarshi maydonga chiqib, 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
O‘yin Mexikodagi «Atsteka» stadionida bo‘lib o‘tdi.
Kolumbiyaliklar uchrashuvni juda faol boshladi. Ular bir nechta xavfli hujumlar tashkil qildi va hatto to‘pni ustunga tekkizdi. 40-daqiqada esa janubiy amerikalik futbolchilar hisobni ochishdi: Luis Dias to‘pni Daniel Munosga uzatdi va u to‘pni O‘zbekiston darvozasiga yo‘lladi.
Tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston o‘yinini kuchaytirdi va jahon chempionatlari tarixidagi ilk golini urdi. Dostonbek Hamdamov hujumga Eldor Shomurodovni qo‘shdi, uning zarbasini Kolumbiya terma jamoasi darvozaboni Kamilo Vargas qaytardi, biroq Abbosbek Fayzullayev qaytarilgan to‘pdan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi.
Biroq, bu durang uzoqqa cho‘zilmadi. Besh daqiqadan so‘ng Kolumbiya yana oldinga chiqdi: O‘zbekiston futbolchilari autni noto‘g‘ri ijro etdi, Shomurodov to‘pni yo‘qotdi, Gustavo Puerta Luis Diasni zarba berish uchun qulay vaziyatga chiqardi va u aniq zarba bilan to‘pni uzoq burchakka yo‘lladi.
Uchrashuv oxirida O‘zbekiston hisobni qutqarishga harakat qildi. Akmal Mozgovoy to‘pni ustun yonidan o‘tkazib yubordi, Behruz Karimov uzoq masofadan darvozaning to‘siniga tegizdi, Azizbek Amonov esa Otabek Shukurov uzatmasidan keyin yana bir hujumni yakunlay olmadi.
Qo‘shimcha vaqtda uchrashuvning yakuniy hisobini Xaminton Kampas belgiladi — 3:1, Kolumbiya terma jamoasi foydasiga.
Navbatdagi o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi. Guruhning boshqa uchrashuvida Portugaliya KongoDR bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.



