O'tgan yili Eronda josuslik ayblovlari bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Britaniya fuqarolari Kreyg va Lindsi Forman apellyatsiya sudida yutqazishdi. Bundan tashqari, juftlikka sud majlisida qatnashishga ruxsat berilmagan va ularga sud jarayoni haqida batafsil ma'lumot taqdim etilmagan, deb xabar beradi Reuters mahbuslarning qarindoshlariga tayanib.
Lindsi Formanning o'g'li Jo Bennetning so'zlariga ko'ra, apellyatsiya sudi sudlanuvchilar xabarisiz o'tkazilgan. Bundan tashqari, britaniyalik juftlik ish hujjatlarini o'zlari tushunmaydigan fors tilida imzolashga majbur bo'lgan.
Bennetning so'zlariga ko'ra, jinoyat ishi endi Eron Oliy sudiga o'tkazilgan, ammo sud jarayoni qachon boshlanishi noma'lum. Mahbusning o'g'li er-xotin panjara ortida bo'lganida huquqiy yordamsiz qolganini ta'kidlaydi.
Norozilik sifatida Kreyg va Lindsi ochlik e'lon qilishgan.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligi o'z navbatida apellyatsiya sudi qaroridan norozi ekanini bildiradi. Diplomatiya mahkamasi er-xotinning o'z vataniga xavfsiz qaytishini ta'minlash uchun ish olib borishda davom etadi.
Formanlar oilasi 2025 yil 3 yanvarda Eronda dunyo bo'ylab mototsiklda sayohat qilish paytida hibsga olingan. Islom Respublikasi rasmiylari yevropaliklarni «ma'lumot to'plashda» ayblagan.
Britaniyalik juftlik josuslikka aloqadorligini rad etgan va sudda aybdorliklarini tasdiqlovchi hech qanday dalil taqdim etilmaganini ta'kidlagan. Shunga qaramay, o'tgan yil oktyabrь oyida juftlik 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Rasmiy London hukmni asossiz deb atagan va fuqarolarining ozod qilinishini talab qilishlarini aytgan. Sudlangan juftlikning oilasi Eron Yaqin Sharqdagi davom etayotgan mojarolar paytida Formanlardan «jonli qalqon» sifatida foydalanayotganiga ishonadi. Shu bilan birga, mahbuslarning qarindoshlari Britaniya hukumatiga qarshi chiqishgan, ularning fikricha, u sudlangan juftlik huquqlarini himoya qilish uchun yetarli ish qilmayapti.



