Qirg'izistonlik ayol korruptsiya ayblanib hibsga olindi, qizig'i jinoyat sodir etilgan paytda u 10 yoshda bo'lgan

Bishkekning Pervomayskiy tumani sudi binosi. aki.kg sayti fotosurati

Qirg'izistonlik Meerim Uzakbayeva 1993 yili, davlat korxonasini xususiylashtirish bilan bog'liq korruptsiyada gumon qilinib hibsga olindi. Ayblanuvchi u paytda 10 yoshda bo'lgan. Bu haqda 24.kg nashri advokat Aqinbek Nogoyevga tayanib xabar berdi.

Uzakbayeva sobiq Qishloq xo'jaligi vaziri va Qirg'izistonning O'zbekistondagi sobiq elchisi Emilbek Uzaqbayevning qizi. Uning otasi hozirda «75-ishi» deb nomlangan jinoiy ish bo'yicha hibsda.

Nogoyevning so'zlariga ko'ra, 1993 yilda, ommaviy xususiylashtirish to'lqini paytida Emilbek Uzaqbayev Bishkekning Sidigaliyev ko'chasida joylashgan «Qirg'izayilkomok» kompaniyasining boshlang'ich 0,5% ulushini sotib olgan. Keyingi 30 yil ichida u asta-sekin boshqa aktsiyadorlardan aktsiyalarni sotib ola boshlagan. Hozirda Uzaqbayevlar oilasi kompaniya aktsiyalarining 63% ga egalik qiladi.

Advokatning ta'kidlashicha, barcha bitimlar rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlangan. U o'sha paytda o'n yoshli qizni korruptsiyada ayblashga urinishni bema'nilik deb ataydi.

Nogoyevning ta'kidlashicha, Meerim Uzaqbayeva hozirda kompaniyada aktsiyalarga egalik qilmaydi. U faqat 2017 yilda «Qirg'izayilkomok» ochiq aktsiyadorlik jamiyati (OAJ) bosh direktori bo'lgan.

Advokat bu ish qo'zg'atilishini ikkita asosiy motiv bilan bog'laydi. Bir tomondan, kompaniya hududi 10 gektardan ortiq maydonni egallaydi va bu yer turar-joy qurilishi uchun mos keladi. «Davlat bu yerga ko'z tikishi mumkin va mazkur ish shu yer manfaatlari tufayli ochilgan», — deb taxmin qildai Nogoyev.

Boshqa tomondan, advokat Uzaqbayevaning hibsga olinishini otasiga bosim o'tkazilayotgani bilan bog'laydi.

«Meerimning otasi hozirda «75 ishi» bo'yicha hibsda, shuning uchun uning qizining hibsga olinishi uni ma'lumot olishga majburlash uchun ishlatilishi mumkin, garchi Emilbek Uzaqbayev allaqachon bilgan hamma narsani aytib bergan bo'lsa ham», — deb ta'kidlaydi himoyachi.

Nogoyev shuningdek, ular bu vaziyat bo'yicha shaxsan prezidentga murojaat qilganliklarini xabar qildi. Biroq, shikoyat oxir-oqibat tergov organlariga qaytarilgan.

Advokat korruptsiyada bevosita ayblanayotganlar ozodlikda qolayotgan bir paytda, uchta voyaga yetmagan bolani tarbiyalayotgan yolg'iz ona qamoqqa yuborilayotganidan g'azabda ekanini aytadi.

Himoyachining ta'kidlashicha, tergov deyarli ikki oydan beri davom etmoqda va bu vaqt ichida hech qanday tegishli choralar ko'rilmagan.

«Azattiq» (Ozodlik radiosining qirg'iz xizmati) xabariga ko'ra, Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi Uzaqbayevaning hibsda saqlash muddatini yana ikki oyga uzaytirgan. U Bishkekning Togolok Moldo ko'chasidagi besh qavatli binoni, «Qirg'izoyilkomok» aksiyadorlik jamiyatiga tegishli 9 gektarlik mulk va yerni, shuningdek, Mahatma Gandi ko'chasidagi «Bayat» bozorini 9 gektarlik yer uchastkasi bilan birga noqonuniy ravishda xususiylashtirishda ayblanmoqda.

Avvalroq, Jogorku Kenesh (Qirg'iziston parlamenti) a'zolari o'nlab yillar o'tgach, eski bitimlarni qayta muzokara qilish amaliyotini tanqid qilib, halol xaridorlardan mulkni tortib olishni «davlat darajasidagi reyderlik» deya atashgan edi.