«O‘zbekneftgaz» aktsiyadorlik jamiyati rahbariyati O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga kompaniya faoliyatini yaxshilash bo‘yicha bergan ko‘rsatmalarining bajarilishi bo‘yicha hisobot berdi. Jumladan, joriy yilning yanvarь-fevralь oylarida ikkita yangi gaz kondensat koni ochilgani haqida ma'lumot berildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Geologik qidiruv ishlarini kengaytirish va uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirish mavzusini davom yettirarkan, AJ vakillari keyingi ikki yil davomida keng ko‘lamli tadbirlar rejalashtirilganini ta'kidladilar. Bular qatoriga mamlakatning qator hududlarda yangi maydonlarda qidiruv ishlarini kuchaytirish, 3D seysmik-qidiruv hajmlarini kengaytirish hamda quduqlar qurilishini yakunlash kiradi.
Ta'kidlanishicha, kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit o‘tkazish (korporativ firibgarlik, korruptsiya va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashga qaratilgan mustaqil moliyaviy tekshiruvlar), xaridlar jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.
Mutasaddilar prezidentga 30 yanvardagi yig‘ilishda «O‘zbekneftgaz»ning operatsion samaradorligini oshirish va kompaniya moliyaviy barqarorligini ta'minlash bo‘yicha aniq maqsadlar belgilanganini eslatib o‘tdilar.
Oradan bir oy o‘tgach, davlat rahbariga ushbu maqsadlarga erishish jarayoni haqida ma'lumot berildi. AJ rahbarlarining so‘zlariga ko‘ra, hozirda xarajatlarni optimallashtirish choralari ko‘rilmoqda. Masalan, «O‘zbekneftgaz» markaziy ofisining tashkiliy tuzilmasi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ishlab chiqarish xizmatlari, tovarlar va materiallar hamda pudrat ishlari narxlarini sozlash jarayoni boshlandi va kredit portfeli soddalashtirilmoqda. Shu bilan birga, asosiy bo‘lmagan aktivlar sotilmoqda. Debitorlik qarzdorliklarini kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Hisobotni eshitgandan so‘ng, Mirziyoyev sanoat korxonasi rahbariyatiga rejalashtirilgan tadbirlar va choralarni aniq hisob-kitoblar, qat'iy intizom va shaxsiy javobgarlik asosida amalga oshirishni ta'minlashni buyurdi.
Avvalroq «O‘zbekneftgaz» asosiy bo‘lmagan aktivlarni sotuvga chiqara boshlagani haqida xabar berilgan edi. Xususan, davlat kompaniyasi «Nasaf» (Qarshi), «Buxoro» va «Bunyodkor» (Toshkent) futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatishini ma'lum qildi. Ushbu qaror gaz qazib olish kamayishi sababli kompaniyaning moliyaviy barqarorligini ta'minlash uchun xarajatlarni kamaytirish jarayonining bir qismi sifatida qabul qilinganiga urg‘u berildi.
ℹ️ «O‘zbekneftgaz» — O‘zbekistonda eng yirik davlat kompaniyasi hisoblanadi. U 50 dan ortiq korxonalarni, jumladan, 13 ta qo‘shma korxona va 10 ta asosiy uglevodorod qazib olish va qayta ishlash korxonalarini birlashtirgan xolding sanaladi. «O‘zbekneftgaz» O‘zbekistondagi eng yirik beshta soliq to‘lovchilardan biri hisoblanadi: 2024 yil oxiriga kelib xolding 4,2 trillion so‘m (taxminan 350 million dollar) soliq to‘lagan.



