Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z mamlakati G‘azo sektorini qayta tiklashga qo‘lidan kelganicha hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi. Xususan, respublika anklavda turar-joy binolari, bolalar bog‘chalari, maktablar va kasalxonalar qurishga tayyor, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.
Mirziyoyev o‘z nutqida AQSh prezidenti va Tinchlik kengashi raisi Donald Trampga G‘azo sektoriga gumanitar yordam ko‘rsatish va Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan ushbu tashkilotning birinchi sammitini o‘tkazgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
O‘zbekiston rahbari Kengash faoliyati G‘azo sektorining iqtisodiy va ijtimoiy tiklanishi uchun qulay muhit yaratishiga ishonch bildirdi. Shu bilan birga, prezident ushbu hududni boshqarishning har qanday mexanizmi mahalliy aholining ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi kerakligini ta'kidladi.
«Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga bo‘lgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir. Biz Yangi G‘azoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur», — deya hulosa qildi Mirziyoyev.
Yig‘ilish yakunida Tinchlik kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir deklaratsiya imzolandi.
Vashingtonga tashrifi davomida Mirziyoyev AQSh hukumatining iqtisodiy bloki vakillari va yirik Amerika kompaniyalari rahbariyati bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvlar natijasida hamkorlik va qo‘shma investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Avvalroq Tramp G‘azo sektori uchun 7 milliard dollardan ortiq moliyaviy yordam paketini e'lon qilgandi. Oq uy ma'lumotlariga ko‘ra, bu mablag‘lar to‘qqizta mamlakat: Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Birlashgan Arab Amirliklari, Marokash, Bahrayn, Qatar, Quvayt va Saudiya Arabistoni tomonidan taqdim etilgan.
Biroq, Ozarbayjon prezidenti yordamchisi Hikmat Hojiyev o‘z mamlakati Tramp tomonidan e'lon qilingan moliyaviy yordam paketida ishtirok etishni rejalashtirmayotganini aytdi. Hojiyev kelajakda Boku Tinchlik kengashi orqali G‘azo sektoridagi investitsiya loyihalarida ishtirok etishni ko‘rib chiqishi mumkinligiga aniqlik kiritdi.
G‘azo sektorini qayta tiklashga moliyaviy investitsiyalar bo‘yicha Toshkent va Ostonadan rasmiy tasdiq hali ma'lum qilinmadi.
Shuni qo‘shimcha qilish lozim, Tinchlik kengashi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev anklavga yordam berish bo‘yicha o‘z variantlarini taklif qildi. Bularga quyidagilar kiradi:
▪️ infratuzilma, uy-joy, maktablar, kasalxonalar va boshqa muhim ijtimoiy ob'ektlar qurilishi;
▪️ G‘azo va undan atrofida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash uchun bug‘doy va boshqa gumanitar yordamlarni yetkazib berish;
▪️ Falastinlik talabalarning Qozog‘iston universitetlarida o‘qishi uchun 500 dan ortiq ta'lim grantlarini taqdim etish;
▪️ ilg‘or raqamli yechimlarni taqdim etish;
▪️ Fuqarolik-harbiy muvofiqlashtirish markaziga shifokorlar va kuzatuvchilarni yuborish orqali xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini qo‘llab-quvvatlash.
Darvoqe, Tramp Qozog‘istonni Albaniya va Kosovo qatorida G‘azo sektorida barqarorlikni ta'minlash uchun qo‘shinlar va politsiya yuborishga rozi bo‘lgan davlatlar sifatida tilga oldi.
ℹ️ Tramp 2026 yil 16 yanvarda Tinchlik kengashi tashkil etilganini ma'lum qildi. Tez orada Qozog‘iston va O‘zbekiston tashkilotga asoschi a'zolar sifatida qo‘shildi.
Markaziy Osiyo respublikalari vakillaridan tashqari, 19 fevral kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining ochilish yig‘ilishida Ozarbayjon, Bahrayn, Indoneziya, Argentina, Paragvay, Ruminiya, Misr, Qatar, Pokiston, Vengriya, Albaniya, Armaniston, Vetnam, Kambodja, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Isroil, Marokash va boshqa mamlakatlar delegatsiyalari ishtirok etdi.



