Memorandum imzolash marosimi. Shaxmurat Mutalip chapda. Chimkent hokimiyati matbuot xizmati fotosurati
Chimkent hokimi Gabit Sizdibekov va Construction KZ bosh direktori, Qozog‘iston Boks federatsiyasi rahbari Shaxmurat Mutalip «Ordabasi» futbol klubini xususiylashtirish to‘g‘risida memorandum imzoladilar. Bu haqda Exclusive.kz sayti shahar hokimiyati matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Hujjatda xususiy investitsiyalarni jalb qilish, barqaror bozor boshqaruv modeliga o‘tish va zamonaviy korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Asosiy maqsadlar klub inshootlarini modernizatsiya qilish, mashg‘ulot infratuzilmasini rivojlantirish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va uning tijorat samaradorligini oshirishdan iborat.
«Bu muhim qadam Chimkentning mamlakat yetakchi futbol markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. Bu klubni milliy va xalqaro miqyosda raqobatbardosh qiladi, uning imkoniyatlarini kengaytiradi va professional sportni barqaror rivojlantirish uchun qo‘shimcha resurslarni jalb qiladi», — dedi hokim.
O‘z navbatida, Shaxmurat Mutalip kompaniya klubni rivojlantirishni uzoq muddatli va ijtimoiy ahamiyatga ega loyiha sifatida ko‘rishini ta'kidladi.
««Ordabasы» — boy tarixga va kuchli muxlislar qo‘llab-quvvatlashiga ega klub. Maqsadimiz klubning barqaror rivojlanishini ta'minlash, infratuzilmaga alohida e'tibor berish, yosh futbolchilarni tayyorlash va raqobatbardosh jamoani shakllantirishdir», — dedi biznesmen.
Hokimiyatning ta'kidlashicha, memorandum prezident Qosim-Jomart To‘qayevning professional futbol klublarini xususiylashtirish va tijoratlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalari doirasida amalga oshirilmoqda.
O‘tgan kuzdan beri Qozog‘istonda quyidagi klublar xususiylashtirildi:
➡️ «Qaysar» (Qizil-O‘rda) — Islamgali Kozbakov (TAU Group Ltd);
➡️ «Qiziljar» (Petropavlovsk) — Sergey Kan;
➡️ «Jenis» (Ostona) — Mixail Lomtadze (Kaspi.kz);
➡️ «Shaxtyor» (Qarag‘anda) — Timur Turlov (Freedom Holding orqali);
➡️ «Aktobe» (Aktobe) — Nurlan Artiqayev (Qazaq Stroy).
Ostona va Atirau shaharlari xususiylashtirish jarayonida va «Elimay» (Semey), «Turan» (Turkiston), «Irtish» (Pavlodar), «Taraz», «Tobol» (Qo‘stanay) klublarining yaqinda xususiy mulkka o‘tkazilishi haqida mish-mishlar tarqalmoqda.



