Afg‘oniston va O‘zbekiston 300 million dollarlik savdo bitimlarini imzoladi

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati fotosurati

Afg‘oniston va O‘zbekiston 300 million dollardan ortiq qiymatdagi 25 ta tijorat memorandumini imzoladi. Kelishuvlarga Kobulda Sirdaryo viloyati delegatsiyasi ishtirokida bo‘lib o‘tgan biznes-forum natijasida erishildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.

«Sirdaryoda biznes qiling!» deb nomlangan tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchisi Oybek Usmonov, Afg‘oniston Sanoat va savdo vaziri — Nuriddin Aziziy, Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi — Said Karim Hoshimiy, Afg‘oniston iqtisodiyot vaziri o‘rinbosarlari, shuningdek, Sirdaryo viloyati delegatsiyasi hamda afg‘onistonlik tadbirkorlar qatnashdilar.

Forum doirasida Sirdaryo va Afg‘oniston tadbirkorlari o‘rtasida B2B, davlat va biznes vakillari ishtirokida esa G2B uchrashuvlari tashkil etildi. Mazkur kelishuvlar oziq-ovqat mahsulotlari, un va don, tekstil, qurilish materiallari, kimyo va boshqa sanoat yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Aziziy ikki tomonlama aloqalarning kengayishi ortida kuchli siyosiy va iqtisodiy impulьs turganini ta'kidladi. U so‘nggi yillarda ikki tomon o‘rtasidagi savdo hajmi misli ko‘rilmagan sur'atlarda o‘sgani va ikkala mamlakat ham savdo hajmini oshirishga intilayotganini aytdi.

Turdimov ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq yillik tarixiy va iqtisodiy aloqalarni, Sirdaryo viloyatida afg‘on savdogarlarining faol rolini ta'kidladi. U sanoat va ishlab chiqarish sohasida chuqurroq hamkorlik qilishga chaqirdi, qo‘shma rivojlanish loyihalarini ma'qulladi va O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlarini, jumladan, Yevropa eksport bozorlariga kirish imkoniyatlariga urg‘u berdi.

Biznes forumidan oldin Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Kobulda Kobul viloyati gubernatori Aminulloh Ubayd, shuningdek, Savdo va investitsiyalar palatasi raisi va Afg‘oniston Sanoat va savdo vaziri bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida Afg‘oniston bozoriga yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik va kiyim-kechak, elektr jihozlari va farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berishni kengaytirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni o‘rnatish va ta'minot zanjirlarini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.

Ushbu tashrif Sirdaryo viloyatining eksport salohiyatini oshirishga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlarni ochishga va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

ℹ️ O‘tgan yil dekabr oyida Sirdaryo viloyati rahbariyatiga mintaqaga 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish, eksportni 500 million dollarga yetkazish va 185 ming ish o‘rni yaratish vazifasi yuklatilgan edi. O‘zbekiston hukumati 2026 yilda infratuzilmani rivojlantirish va biznes loyihalarini amalga oshirish uchun vioyatga 11,5 trillion so‘m (963 million dollar) ajratishni rejalashtirgan.

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • Toshkentda O‘zbekiston gerbini yaratgan rassom Anvar Mamajonovning grafik asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

  • Toshkentda Chori Shamsning «Turkiy xalqlarning xayoliy mavjudotlari» ko‘rgazmasi ochildi