Tojikistonda 2025 yili ilgari internetda ekstremistik va terrorchilik xarakteridagi materiallarga «layk» bosgani uchun sudlangan 405 kishi jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi. Bu haqda 13 fevral kuni matubot anjumanida respublika Bosh prokurori Habibullo Vohidzoda ma'lum qildi, deb xabar beradi «Aziya-plyus» nashri.
«2025 yilda Tojikiston Respublikasi Jinoyat kodeksining ekstremistik va terrorchilik jinoyatlariga oid tegishli moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar 405 kishiga nisbatan qo‘llanildi va ular jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi», — deb tushuntirdi Vohidzoda.
«Layki» qo‘ygani uchun sudlanganlar ozod qilinganidan so‘ng, ekstremistik va terrorchilikka oid jinoyatlar soni 2024 yilga nisbatan 314 ta holatga yoki 23,3% ga kamaygan.
ℹ️ Tojikiston hukumatiga yoqmaydigan postlarga «layk» qo‘ygan fuqarolarga qarshi jinoiy ishlar 2018 yili mamlakat Jinoyat kodeksining 179-moddasiga («Terrorchi jinoyatlarini sodir etishga ommaviy chaqiriqlar va/yoki terrorchilik faoliyatini ommaviy ravishda oqlash») bir qator o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng qo‘zg‘atila boshlandi. Natijada, ekstremizm va terrorizmga oid materiallarga «layk» bosish, qayta joylashtirish va sharh qoldirish holatlariga jinoiy faoliyatga aloqadorlik dalili sifatida qarala boshlandi. Ushbu harakatlar uchun 5 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi joriy etildi.
Tuzatishlar qabul qilinganidan so‘ng bir necha yil davomida rasmiylar fuqarolarning raqamli faoliyati bilan bog‘liq ayblovlar sababli hibsga olingani va ozodlikdan mahrum etilgani haqida muntazam ravishda xabarlar berib borishdi.
2024 yil oktyabr oyida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon postlarga «layk» bosish va qayta joylashtirish uchun jinoiy ishlar qo‘zg‘atilishini tanqid qildi va bu amaliyotga chek qo‘yishni talab qildi. 2025 yil aprel oyida Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Umed Karimzoda 1507 fuqaro qamoqda ekani, ular onlayn videolarga layk bosgani yoki «terrorchilik va ekstremistik mazmundagi» materiallarga izoh bergani uchun sudlangani haqida xabar berdi.
2025 yil may oyida Rahmon odamlarni ijtimoiy tarmoqlardagi layki yoki boshqa belgilar qo‘ygani uchun jinoiy javobgarlikdan ozod qiluvchi qonunni imzoladi.



