O‘zbekiston hukumati 19 fevralda boshlanadigan muqaddas Ramazon oyida muhtojlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish choralarini ishlab chiqdi. Ushbu rejalarni amalga oshirish uchun «Vaqf» xayriya jamg‘armasiga 750 milliard so‘m (61,3 million dollar) va Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yana 300 milliard so‘m (24,5 million dollar) ajratiladi. Bu ma'lumot prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda e'lon qilindi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.
Muhtojlarga yordam «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» shiori ostida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar doirasida ko‘rsatiladi.
Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilganidek, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar farovonligini ta'minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb biladi. Mazkur tamoyillar, ayniqsa, Ramazon oyida yanada yorqin namoyon bo‘lib, saxovat va hamjihatlik qadriyatlari amaliy ishlar bilan mustahkamlanmoqda.
Mirziyoyev muborak oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish ezgu qadriyat ekanini ta'kidladi.
Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.
Ayni damda prezident jamiyat onalari va kelajak avlod tarbiyachilari bo‘lgan xotin-qizlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta'siridan asrash, ularni ham ma'nan, ham moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida urg‘u berdi.
Bu jarayonda yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning oilalari bilan individual tarzda ishlab, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish hamda kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta'minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida ta'kidladi. Mas'ul idoralarga bu borada qat'iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
16 fevral kuni Mirziyoyev «Muborak Ramazon oyini munosib nishonlash to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi, hujjatda ta'kidlanishicha, Ramazon oyi 2026 yil 19 fevraldan boshlanadi. Shahar va tuman hokimliklari, viloyat hokimiyatlari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun mas'ul tashkilotlarga Ramazon oyini milliy an'analar va qadriyatlarga muvofiq, ammo ortiqcha xarajatlarsiz, ixcham, mazmunli va tejamkor tarzda nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.
Shu bilan birga, Raqobat qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlari va respublikamiz hududlardagi savdo komplekslarini Ramazon oyida narxlari barqarorligini ta'minlash muhimligi to‘g‘risida ogohlantirdi. Qo‘mita ushbu talab prezidentn ko‘rsatmalariga muvofiq amalga oshirilayotganini ta'kidlaydi.
Savdo tashkilotlariga oziq-ovqat narxlaridagi har qanday o‘zgarishlar, logistika xarajatlari va narxlarga ta'sir qiluvchi boshqa omillar haqida rasmiylarni o‘z vaqtida xabardor qilish topshirildi.
Qo‘mita shuningdek, o‘z vakolatlari doirasida bozor barqarorligini saqlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ta'kidladi.



