Osiyo infratuzilma investitsiya banki (OIIB) prezidenti Szou Szyai boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga (ITSM) tashrif buyurdi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlab delegatsiya Markazning «Shon-sharaf zali»ni ko‘zdan kechirdi. Bu yerda Markaziy Osiyo zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar va davlat arboblari siymosi me'moriy va badiiy yechimlar orqali mujassam etilgan. Islomgacha bo‘lgan davrga bag‘ishlangan bo‘limda qadimgi Xorazm, So‘g‘diyona va Baqtriya madaniyati, «Avesto» merosi va arxeologik topilmalar taqdim etilgan.
Keyin mehmonlar «Buyuk Ipak yo‘li xaritasi» ko‘rgazmasini, «Birinchi Renessans» va «Ikkinchi Renessans» bo‘limlarini, shuningdek, mamlakatning so‘nggi yillardagi islohotlari, xalqaro hamkorlik sohalari va infratuzilma loyihalarini namoyish «tuvchi «Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori» zalini ko‘zdan kechirdilar.
«Namoyish etilgan ekspozitsiyalar nihoyatda ma'lumotlarga boy va ta'limiy ahamiyatga ega. Biz sizning buyuk madaniyatingiz, boy an'analaringiz va ilmiy merosingiz haqida juda ko‘p yangi ma'lumotlarga ega bo‘ldik. Tarixingiz va madaniyatingiz ilm-fan va bilim bilan chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rdik. Men bundan katta taassurot oldim va buni yuksak qadrlayman», — dedi Szyai.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me'moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur'oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta'lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma'rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan. Markazning ochilishi 2026 yil bahoriga rejalashtirilgan.



