Istanbul cherkoviga hujum uyushtirgan odamlar umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Hujum payti. Odamlar kursilar ostiga yashirinishgan. Videodan kadr

Istanbulning Sariyer tumanidagi Santa-Mariya cherkoviga uyushtirilgan hujum uchun ikki tojikistonlik va bir rossiyalik ikki martadan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi va qo‘shimcha 143 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda T24.som xabar berdi.

Hujum 2024 yil 28 yanvarda sodir bo‘lgan. Ikki niqobli odam cherkovga bostirib kirib, odamlarga qarata bir nechta bor o‘q uzgan va chiqib ketgan. Natijada 52 yoshli Turkiya fuqarosi Tuncher Jihan halok bo‘lgan. Ruhoniyning so‘zlariga ko‘ra, agar terrorchilarning qurollaridan biri pand bermaganda, qurbonlar soni ko‘proq bo‘lar edi.

«Islom davlati» (ID, Rossiyada taqiqlangan) terrorchilik guruhi hujumni bo‘yniga olgan. Tergov davomida 60 dan ortiq odam hibsga olingan.

Hujumni Tojikiston fuqarosi Amirjon Xoliqov va Rossiya fuqarosi David Tanduyev amalga oshirgani aniqlangan. Ular shuningdek, Tojikiston fuqarosi bo‘lmish «Adam Abu-Darrar Al-Shishani» kodli Adam Xamirzayev buyrug‘i bilan harakat qilishgan.

Uchchalasi ham Turkiya Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bo‘yicha umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi: «Turkiya konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan ag‘darishga urinish» va «Og‘irlashtiruvchi holatdagi qotillik». Ular shuningdek, «og‘irlashtiruvchi holatdagi qotillikka urinish» uchun 143 yildan qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ushbu ishga aloqador bo‘lgan yana besh nafar tojikistonlik fuqaro ham umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Shamsullo Rajabov, Alisher Rahimov, Farruh Soliyev, Abdulaziz Abdullayev va Rasul Ahmadjanov quyidagi jazolarni olgan:

▪️ «Turkiya konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan ag‘darishga urinish» uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish,

▪️ «Og‘irlashtiruvchi holatlarda qotillikka yordam berish va uni qo‘llab-quvvatlash» uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish,

▪️ «Og‘irlashtiruvchi holatlarda qotillikka urinishga yordam berish va uni qo‘llab-quvvatlash» uchun 71 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish.

Ularning har biriga jami 101 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.

Yana ikki sudlanuvchi, Isminali Mirzojanov va Edelxan Inajayev, «qurolli terrorchi tashkilotga a'zolik» ayblovi bilan 6 yil 3 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan. Sudlanganlarning barchasi IShID a'zolari bo‘lgan.

O‘ttiz bir nafar sudlanuvchi oqlangan.